Namanganda “Biz birgamiz!” shiori ostida tashkillangan ikkinchi volontyorlar forumi ko‘tarinki kayfiyatda boshlandi.
Besh kunga mo‘ljallangan mazkur forum doirasida bir qator xayriya aksiyalari va loyihalari o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Jumladan, forumning birinchi kunida Namangan viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, viloyat qon quyish markazi hamkorligida “Men donorman” ezgulik xayriya aksiyasi o‘tkazildi.
- Aksiyada yuzdan ortiq volontyor yoshlar, 50 nafardan ziyod tashkilot va idoralarning ko‘ngilli xodimlari faol ishtirok ishtirok etdilar. Qon topshirgan donorlarimiz shunday ezgu ishga o‘z hissalarini qo‘shganlaridan mamnun.
Boisi, yordamga muhtoj qanchadan qancha dardkash kishilarga malham bo‘lishga ozmi-ko‘pmi tirgak turish odamlar orasidagi, ayniqsa yosh o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibat, muruvvat kabi insoniy fazilatlarni qaror toptirishga xizmat qiladi, - deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Baxtiyor Mirzatov.
Forum doirasidagi “Har tomchida ezgulik mujassam” shiori ostidagi aksiya tadbirlari ham ertamiz egalarining faolligi ostida qizg‘in davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.