Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari viloyatda barcha drayver sohalarni rivojlantirish uchun resurs ham, sharoit ham yetarli ekanini ko‘rsatib o‘tdi.
Viloyat hokimi va uning o‘rinbosarlari, 14 ta tuman va shahar hokimlari oldida yil yakunigacha 4 milliard 200 million dollar investitsiya olib kelish, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish, 323 ming odamni ishli qilish, 26 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi turgani qayd etildi.
Norin tumanidagi 5 mingdan ziyod aholi yashaydigan Sho‘rariq mahallasi misolida “og‘ir” mahallalar qiyofasini tubdan o‘zgartirib, shahar muhitini olib kirish chora-tadbirlari belgilab olindi.
Xususan, bunday mahallalarda zamonaviy mahalla guzari qurib beriladi, bolalar va sport maydonchalari, servis ob’ektlari, kutubxona, kasb va til o‘rgatish markazi, bank shoxobchasi tashkil etiladi. Ko‘chalar asfalt qilinadi va yoritiladi. Eskirgan va hosildorligi past bog‘lar to‘liq yangilanadi.
Kosonsoy va Norin tumanlariga 100 milliard so‘mdan, qolgan tumanlarning ikkitadan “og‘ir” mahallasiga esa 5 milliard so‘mdan, jami 320 milliard so‘m berilib, ular namunali hududga aylantiriladi.
O‘zA