Oila – muqaddas, u jamiyatning muhim va ajralmas bo‘g‘inidir. Bu aziz qo‘rg‘on mustahkamligi er-xotinning ahilligi, bir-birini to‘g‘ri tushunishi, asosiysi oilada ijobiy muhit barqarorligiga ko‘p jihatdan bog‘liq.
Namangan viloyati hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov ajrim yoqasiga kelib qolgan yosh oilalar vakillari bilan uchrashdi.
Viloyat markazidagi "Sherdor" tantanalar majmuasida bir piyola choy dasturxoni atrofida tashkillashtirilgan tadbirda viloyat, shahar va tuman hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari, imom-xatiblar, mahalla otinoyilari, Nuroniylar kengashi a’zolari, bir-biridan arazlashib ota-onasining uyida yashab kelayotgan yosh oilalar qatnashdi.

Suhbat davomida ahil va mustahkam oila – sog‘lom jamiyat poydevori ekanligi, oilalar tinch va totuv bo‘lsa, farzandlar tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Tadbirda mehnat faxriylari, viloyat Nuroniylar kengashi a’zolari – uzoq yillar qurilish jabhasida mehnat qilgan, diniy muassasalarda ham ish olib borgan Xorunxon qori Ayubxonov va Mingbuloq tumanida ijtimoiy soha tashkilotlarida faoliyat yuritib, katta hayotiy tajriba to‘plagan Nurxon Hafizova oila vakillariga o‘z maslahatlarini berishdi.

Uchrashuvda viloyat “Yarashtirish” ishchi guruhi faollari tomonidan olib borilgan suhbat va o‘rganishlar natijasida ba’zi yosh oilalarni yarashtirishga erishildi. “Ahil oila kuni” munosabati bilan 35 ta oila qayta tiklandi.

Namangan viloyati hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Iroda Qo‘chqorovaning aytishicha, o‘z natijasini bergan ushbu tadbirlar barcha tumanlarda, oilaviy ajrimlar yoqasida turgan mahallalarda muntazam o‘tkazib boriladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA