Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda aholining jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish ko‘rsatkichini 25 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda
10:36 / 2021-01-17

Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Ommaviy axborot vositalari hamda blogerlar uchun tashkil etilgan mazkur anjumanda Namangan viloyati hokimining turizm va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Botirjon Nuriddinov, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Anvarjon To‘ychiyev aholining barcha qatlamlarini ommaviy sportga keng jalb etish, korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlar o‘rtasida muntazam musobaqalarni tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida olib borilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar haqida batafsil axborot berdilar.

O‘tgan 2020 yil yurtimizga og‘ir kelib, pandemiyani boshdan kechirilganiga qaramay viloyat sportchilari o‘z ustida ishlashdan bir zumga to‘xtashmadi. Buning natijasida mahoratli o‘g‘il-qizlarimiz Respublika va xalqaro miqyosidagi musobaqalarda 511 ta oltin, 698 ta kumush va 1 ming 41 ta bronza, jami 2 ming 250 ta medalga sazovor bo‘ldilar. Joriy yil Yaponiyaning Tokio shahri menzbonlik qiladigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida viloyatimiz sportchilari tomonidan hozirga qadar 5 ta yo‘llanma qo‘lga kiritildi.

Qayd etish joizki, bugungi kunda Namangan viloyatida aholining 19,6 foizigina jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanadi xolos. Demak, sport ommaviyligi bugungi kunda talab darajasida emas. Hududlarda, ayniqsa, chekka va olis qishloqlarda yoshlarni sport bilan shug‘ullanishlari uchun sharoitlarni muhayyo etish, mavjud sport inshootlaridagi seksiyalar faoliyatini kuchaytirish zarur.

Amaldagi ko‘rsatkichni joriy yilda 25 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Anjumanda viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi rahbari tadbirkorlarga video-murojaat yo‘llab, unda davlat-xususiy sherikchiligi asosida sport inshootlarini qurish istagini bildirgan ishbilarmonlarni sport muassasalarida bo‘sh yer maydonlarini ajratib berish, imtiyozli bank kreditlarini ajratilishida ko‘maklashishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Namanganda ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi hamda yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Bunga muvofiq aholining barcha qatlamlarini sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ishchi-xodimlarga mo‘ljallangan “Salomatlik kuni”ni belgilash, korxona va tashkilotlar hududida “vorkaut”, stritbol, stol tennisi, badminton kabi sport maydonchalarini tashkil etish, aholi uchun qulay bo‘lgan hududlarda zamonaviy yurish va yugurish uchun salomatlik hamda velosiped yo‘laklarini qurish ko‘zda tutilmoqda.

Ahamiyatlisi shundaki, 2021 yildan e’tiboran viloyatning har bir hududi mavjud salohiyat va imkoniyati, o‘z an’analaridan kelib chiqqan holda sport turlariga ixtisoslashtiriladi. Masalan, Yangiqo‘rg‘on tumanida voleybol, kurash, og‘ir atletika, Chust tumanida stol tennisi, boks, yengil atletika, To‘raqo‘rg‘on tumanida belbog‘li kurash, futbol, regbi, Namangan shahrida futbol, velosport, basketbol, suv sporti turlarini keng rivojlantirish rejalashtirilgan.

Darvoqe, koronavirus pandemiyasi tufayli xalqaro miqyosdagi musobaqalarni keyinroq muddatga to‘xtatishga to‘g‘ri keldi. Yurtimizdagi mavjud vaziyat barqarorlashganidan kelib chiqqan holda Namanganda joriy yil davomida tennis bo‘yicha “ITF” va “Fyuchers” turkumiga kiruvchi 5 ta xalqaro turnirni tashkil etish taklifi berildi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar. Viloyatda jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish borasida o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA