Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda aholiga xizmat ko‘rsatish talab darajasidami?
13:07 / 2022-07-29

Fuqarolarning mushkulini oson qilishi bilan birga muammolariga yechim topishda davlat xizmatlari markazlari yaqindan ko‘makdosh bo‘layotir. Avvallari fuqarolar bir hujjat ortidan bir necha davlat idoralariga borgan bo‘lsalar hozirga kelib, ko‘plab davlat xizmatlaridan bir joyning o‘zida foydalanish imkoniyati paydo bo‘lgan. Lekin ayrim tashkilot va muassasalar borki, o‘ziga yuklatilgan vazifalarni ado etishda hali-hanuz sustkashlikka yo‘l qo‘ymoqda.

“Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasida adliya organlari huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ sifatida belgilangan. Shunga ko‘ra, boshqarma tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qonun buzilish holatiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha vakolatli organlarning jami 22 nafar mas’ul xodimi bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi.

Bundan tashqari, sohaga kiritilayotgan o‘zgartirishlardan xabardor etish, fuqarolarga sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida vakolatli organlarning mas’ul xodimlari ishtirokida o‘quv-seminar mashg‘ulotlari olib borildi.

Shuningdek, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga xizmat ko‘rsatishda mas’uliyatsizlik qilayotgan davlat organlarini aniqlash va ularga qonuniy tartibda ish yuritishlarini ta’minlash maqsadida Namangan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida doimiy tahlil, monitoring hamda o‘rganishlar o‘tkazilmoqda.

Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda aholiga xizmat ko‘rsatish jarayonida jami 6 ming 545 ta qonun buzilish holatlari aniqlandi. Buning 4 ming 659 tasi “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali tizimi korxonalariga to‘g‘ri keladi.

Aniqlangan qonun buzilish holatlarining 5 ming 497 tasi muddat buzilishi, 342 tasi to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat xizmatlari ko‘rsatilishi, 526 tasi vakolatli organlar tomonidan ortiqcha hujjatlar talab qilinishi, 111 tasi murojaatlarni asossiz rad etilishi, 69 tasi boshqa qonun buzilish holatlariga to‘g‘ri keladi. Masalan, “Rivoj agro - lyuks” fermer xo‘jaligining 2022 yil 23 iyundagi 1,2 MP bosimdan yuqori bo‘lmagan gaz tarmog‘iga ulanish uchun texnik shart olish yuzasidan qilgan murojaati “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali tomonidan ko‘rib chiqishda muddat buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Davlat kadastrlar palatasi Pop tumani filiali tomonidan taqdim etilgan ma’lumotda fuqaro N. I.ning kadastr xaritasi va yer tuzuvchi tomonidan hudud ajratib ko‘rsatilgan chegara qizil chizig‘i taqdim etilmaganligi sababli kadastr pasportini rasmiylashtirish rad etilganligi ko‘rsatilgan.

Vaholanki, “Ko‘chmas mulk ob’ektlariga kadastr yig‘majildini tayyorlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 14-bandida yer uchastkasining chegaralarini aniqlash huquqni belgilovchi hujjatga asosan kadastr yig‘ma jildini rasmiylashtirish jarayonida kadastr idorasi mas’ul xodimi tomonidan amalga oshirilishi lozim edi. Bu esa, Davlat kadastrlar palatasi Pop tuman filiali tomonidan fuqaro N.I.ning kadastr pasportini rasmiylashtirish bo‘yicha murojaatini asossiz ravishda rad etilganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, murojaatni o‘rganish jarayonida Davlat kadastrlar palatasi Pop tuman filiali tomonidan kadastr pasportini rasmiylashtirish bo‘yicha so‘rovnomani ko‘rib chiqish jarayonida murojaatchi bilan bog‘lanmagan va yer uchastkasi joyida xatlovdan o‘tkazilmagan holda kadastr pasportini rasmiylashtirish rad etilgan.

Qayd etish joiz, shu kabi qonun buzilish holatlari yuzasidan vakolatli davlat organlari hamda tashkilotlarining 46 nafar mansabdor shaxsi va mas’ul xodimiga nisbatan ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanildi. Shuningdek, aniqlangan qonun buzilish holatlari yuzasidan vakolatli organlarga 33 ta taqdimnoma, 171 ta ogohnoma kiritildi.

Kiritilgan taqdimnomalarga asosan 31 nafar mansabdor shaxsga nisbatan intizomiy javobgarlik choralari qo‘llanildi, shulardan 2 nafari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

 

Davronbek Ravshanbekov,
Namangan viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari.

O‘zA.