Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda abituriyentlar nomidan testga “kalla” qilgan uch talaba ushlandi
10:21 / 2019-08-07

Ayni kunlarda Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida tashkil etilgan pavilyonda viloyatdagi oliy taʼlim muassasalariga 2019-2020 oʻquv yili uchun test sinovlari oʻtkazilmoqda.


Ayni kunlarda Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida tashkil etilgan pavilyonda viloyatdagi oliy taʼlim muassasalariga 2019-2020 oʻquv yili uchun test sinovlari oʻtkazilmoqda.

Qayd etish kerakki, test sinovlarini qulay va adolatli, shaffof tarzda tashkil etilishi uchun tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan yetarli darajada shart-sharoitlar yaratildi.

Taassuflar boʻlsinki, mamlakatimizda test sinovlarini adolatli va xolisligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga “chang solish” qabilidagi ayrim qonunbuzilish holatlari ham uchrayotganligi tashvishlanarli holat.

Shu yilning 3-avgust kuni DXX Namangan viloyati boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida “Barkamol avlod” sport majmuasi pavilyoniga soxta hujjatlar bilan (biometrik pasportdagi va test sinovlariga kirish uchun DTM ruxsatnomasidagi rasmlarni almashtirib) “mijoz” abituriyentning oʻrniga “kalla” sifatida kirayotgan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Namangan davlat universiteti va Namangan muhandislik-texnologiya institutining 3 nafar talabasi aniqlandi. Bu “uddaburon” uchovlon Hukumatning 2017-yil 20-iyundagi 393-sonli va 2018-yil 3-apreldagi 261-sonli qarorlari bilan tasdiqlangan Nizom talablarini qoʻpol ravishda buzganligi sababli test sinovlaridan belgilangan tartibda chetlatildi.

Oʻrganish davomida abituriyentlarni noqonuniy yoʻllar bilan oʻqishga kirishini tashkillashtirgan shaxs – 1985-yilda tugʻilgan, Norin tumanida yashovchi A.K.D. ekanligi aniqlandi va u tezkor tadbir davomida qoʻlga olindi.

Aniqlanishicha, A.K.D. “mijoz” abituriyentlarni 3 ming 500 AQSH dollari evaziga oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgan. “Kalla” boʻlishga soʻz bergan “uchar” talabalarga ularga biriktirilgan “mijoz” shartnoma asosida oʻqishga kirsa 800 AQSH dollari, “grant”ga kiradigan boʻlsa 1 ming 200 AQSH dollari berishini aytadi. Reyd natijasida ayrim “kalla”larga test kuni “mijoz”ning soxta pasporti va ruxsatnomasi bilan birga kelishilgan pullarni berganligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan fuqaro A.K.D. ga nisbatan tegishli huquqni muhofaza qilish idorasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Shunga aytishsa kerakda, buzoqning yugurgani somonxonaga deb... Ayrim shaxslar oʻz nafsini deb, moʻmay pul ilinjida qoʻl urgan qingʻir ishlari baribir fosh boʻlishini qachon anglab yetar ekan?...

Oqilxon DADABOYEV,
jurnalist