Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilgan O‘zbekiston Yoshlar forumida ilgari surilgan vazifalar ijrosini ta’minlash va yosh avlod vakillari bilan yangicha ishlash tizimini joriy etish maqsadida Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida bo‘lib o‘tgan festival doirasida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Tuman markazidan 35 kilometr olis masofada joylashgan Nanay qishlog‘idagi madaniyat markazida tashkil etilgan tadbirda Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov hamda sektorlari rahbarlari, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i ishtirok etdilar.
Ochiq muloqot tarzida kechgan uchrashuvda viloyat rahbari so‘zga chiqib, mamlakatimizda yoshlar siyosatiga qaratilayotgan e’tibor sifat va samaradorlik jihatidan yangi bosqichga chiqishini, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilingan 2021 yil o‘g‘il-qizlarni har jihatdan rag‘batlantirishda tub burilish yili bo‘lishini qayd etdi.

Qayd etish joiz, o‘tgan yili To‘raqo‘rg‘onda yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda, viloyat mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan 33 nafar talabaga jami 463 million so‘mlik to‘lov-shartnoma pullari to‘lab berilgandi. Bunday xayrli an’ana joriy yil avvalida ham davom ettirildi.
Viloyatdagi ehtiyoj va talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda, oliy ta’lim muassasalarining tibbiyot yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 20 nafar talabaga jami 160 million so‘mga teng bo‘lgan bir yillik kontrakt pullari to‘lab berilganligi haqidagi sertifikatlar taqdim etildi. Iqtidorli va zukko talaba-yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday sa’y-harakatlar kelgusida yana davom ettiriladi.
- Prezidentimizning yaqinda Yoshlar forumidagi nutqini oynai jahon orqali ko‘rib, ayniqsa ikki yoki undan ortiq farzandi oliygohlarda o‘qiyotgan oilalarga kontrakt pullarini to‘lash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi haqidagi yangilikdan bag‘oyat xursand bo‘lgandim, - deydi Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti talabasi Oydina Abdulvositova.

- Boisi, Uchqo‘rg‘ondagi oddiy bir oilada shartnoma asosida o‘qiyotgan uch talaba uchun pul topishga qiynalayotgan ota-onamning holati ko‘z o‘ngimdan o‘tkazgandim. Mana bugun, 8 million 216 mingdan ziyod bir yillik kontraktimga pul to‘lab berilganidan boshim osmonga yetdi. Bu xushxabarni eshitgan Namangandagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan akam va opam, ota-onam ham cheksiz quvonchga to‘ldilar.
Muloqotning yana bir e’tiborga molik jihati shundaki, Nanay madaniyat saroyiga 50 million so‘mlik cholg‘u asboblari taqdim etilgani san’atga oshufta yoshlar uchun chinakam sovg‘a bo‘ldi. Qolaversa, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan o‘rganishlar natijasida “Temir daftar”ga kiritilgan, mahallalardagi bir qator uyushmagan, ya’ni aniq mashg‘ulot turiga ega bo‘lmagan yoshlarga eng sara badiiy asarlardan iborat kitoblar to‘plami topshirildi.
Bundan tashqari, viloyat rahbari Nanay qishlog‘ida “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kirgan xonadonlarga kirib, odamlar bilan muloqotda bo‘ldi. Xususan, qirg‘iz millatiga mansub Mirzaqayumovlar xonadonidagi uchrashuv yorqin taassurotlarga boy bo‘ldi. Boisi, shu oilaning ikki farzandi Naima va Nodirbeklarga zamonaviy noutbuk hamda kitoblar jamlanmasi tuhfa qilindi. Kollejni tamomlagan bitiruvchi qizni ish bilan ta’minlash yuzasidan tegishli sektor rahbariga aniq topshiriq yuklatildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.