O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov kecha Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) birinchi vitse-prezidenti Yurgen Rigterink boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu muzokaralar chog‘ida hamkorlikning bugungi holati, qo‘shma loyihalar amalga oshirilishi hamda sheriklikni rivojlantirishning istiqbolli sohalari muhokama qilindi.
Yurgen Rigterink O‘zbekistonda izchil amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ijobiy natijalariga yuqori baho berdi. Tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikning borishini batafsil muhokama qildi.
Muhokama doirasida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar davomida «Namangan viloyatining Chust, Pop va Namangan tumanlarida suv ta’minotini hamda Chust va Mingbuloq tumanlarida oqova tizimlarini yaxshilash» loyihasini joriy etish uchun 70 million dollar miqdorida qarz bitimi imzolandi.
Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi hisobiga Namangan viloyatining Chust, Namangan va Pop tumanlarida istiqomat qilayotgan 170 mingdan ziyod aholi toza ichimlik suvidan doimiy foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mablag‘lar viloyatdagi yettita qishloq aholi punkti (Chortoq, Chust, Jo‘masho‘y, Qizil-Rovot, Pop, Toshbuloq va Uyg‘ur)ga xizmat ko‘rsatuvchi suv olish va tarqatish stansiyalari va tarmoqlari, magistral quvurlar va suv tozalash inshootlarini, shuningdek, Chust va Jo‘masho‘y qishloqlarida suv tozalash inshootlari, oqova suv stansiyalari va tarmoqlarini qurish va ta’mirlash uchun sarflanadi.
Investitsiyalar qariyb 115 ming yangi foydalanuvchilarga suv ta’minoti tarmoqlariga ulanish imkonini beradi. Yangi infratuzilma tufayli suv yo‘qotishlari yiliga 0,6 million kubometrga kamayadi.
Loyiha aholiga xavfsiz ichimlik suvi yetkazib berish, iste’molchilarining shaxsiy gigiyenasini yaxshilash va mavjud suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirishga yordam beradigan suv ta’minoti infratuzilmasini modernizatsiya qilishni moliyalashtirish orqali qishloq aholisini markazlashgan suv ta’minoti tizimiga ulash bo‘yicha O‘zbekiston milliy dasturini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, qiymati 20 million dollarga teng bo‘lgan «Yashil shaharlar» dasturi doirasida «Samarqand shahriga elektr avtobuslarni sotib olish» loyihasini amalga oshirish borasida mandat xati va Hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Memorandumga ko‘ra, Samarqand shahar YeTTBning «Yashil shaharlar» flagman dasturining 48-hamkor shahriga aylanadi. Dastur infratuzilmani barqaror rivojlantirish va shahar aholisining hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan.
Qayd etish joizki, «Yashil shaharlar» dasturi doirasida YeTTB ekologik muammolarni aniqlash, ularni hal etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va shahar infratuzilmasini rivojlantirish uchun investitsiyalarni jalb etishga ko‘maklashadi. Dasturda ishtirok etuvchi har bir shahar atrof-muhitni yaxshilash uchun pilot loyihani amalga oshiradi.
O‘zA