Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda 16 nafar mahalla xodimiga ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lab berildi
13:20 / 2022-08-30

Namangan viloyatining Pop tumani Adliya bo‘limi tomonidan jamiyatda faol bo‘lgan xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimida ishlagan ayollar ularga ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lab berilmayotganidan norozi bo‘lib qilgan murojaatlari o‘rganib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 1 martdagi farmoniga asosan mahalla raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari hamda oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassis lavozimi o‘rniga xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etildi. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 1 martdagi qaroriga muvofiq mahallalardagi xotin-qizlar faollari lavozimlariga nomzodlar tuman (shahar) hokimlari o‘rinbosarlari – oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari boshchiligidagi tanlov komissiyalarini shakllantirish orqali ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilindi.

– Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalari negizida Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi, – deydi Pop tumani Adliya bo‘limi boshlig‘i Bahromjon Alimov. – Qonunchilik hujjatlariga asosan tumandagi barcha mahalla fuqarolar yig‘ini raislarining oila, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan. Biroq, o‘rganish davomida mahalla fuqarolar yig‘ini raislarining sobiq oila, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarining bir qismiga ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lab berilmaganligi aniqlandi.

Vaholanki, Mehnat Kodeksining 109-moddasida, ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda (xodim o‘zining mehnat vazifalarini bajarmaganligi sababli shartnomaning bekor qilinishi bundan mustasno) ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanishi, ishdan bo‘shatish nafaqasining miqdori o‘rtacha oylik ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.

Ushbu qonun buzilish holati yuzasidan tuman adliya bo‘limi tomonidan tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga taqdimnoma kiritildi. Ushbu ta’sir chorasiga asosan 16 nafar ayolga jami 38 million 385 ming so‘mlik ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lab berilishi ta’minlandi.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA