French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda 106 million 300 ming dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi
16:04 / 2020-12-15

Namanganda qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali tadbirga sohaning fidoyilari, ilg‘or fermer va dehqon xo‘jaliklari mehnatkashlari taklif qilindi.

Yakuniga yetib borayotgan 2020 yil qishloq xo‘jaligi sohasida Namangan ahli uchun barakali va omadli keldi. Viloyat bo‘yicha 1 ming 805 tonnadan ziyod pilla, 414 ming 400 tonnadan ortiq g‘alla, 211 ming 500 tonna paxta yetishtirildi.

Shuningdek, oziq-ovqat xafvsizligi va ta’minotining davomiyligiga xizmat qiluvchi mo‘l hosildorlik qayd etildi. Xususan, 832 ming tonna sabzavot, 278 ming tonna kartoshka, 104 ming 500 tonnadan oshiq poliz mahsulotlari, 300 ming tonna meva, 124 ming tonna uzum, 158 ming tonna go‘sht, 733 ming 900 tonna sut, 618 million donadan ziyod tuxum tayyorlashga erishildi.  

 Joriy yilda 7 milliard 800 million so‘m mablag‘ evaziga qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan jami 2 ming 416 gektar yer maydonlari qayta foydalanishga kiritildi. 2 ming 776 gektar yer maydonida o‘zlashtirish ishlari olib borilmoqda. Viloyatda 14 ming 174 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi, shundan 1080 gektar paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi qo‘llanildi.

2020 yilda jami 457 ta yangi texnika va mexanizmlar sotib olindi. Bu yil yetishtirilgan paxta hosilini terib olishda 45 ta terim mashinasi ishtirok etdi, shundan 22 tasi klaster korxonalari tomonidan yangi sotib olindi. Ular yordamida 13 ming 100 tonnadan ortiq “oq oltin” terib olindi. Chorvachilik sohasida ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. Jumladan, chet el davlatlaridan 1 ming 400 bosh naslli qoramol olib kelindi. Pop va Chust tumanlarida 4 ming 244 bosh qo‘y keltirildi. Shundan 3 ming 882 bosh qo‘y kooperativ usulda o‘rtacha 15-20 boshdan aholi xonadonlariga tarqatib berildi. Shuningdek, xonadonlarda klaster va kooperativ asosida qoramol, parranda, quyon va bedanalar ham parvarishlanmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida soha va tarmoqlarda amalga oshirilgan salmoqli sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq umumiy qiymati 106 million 300 ming dollar qiymatiga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xorij mamlakatlariga eksport qilindi. Yaqinda esa xitoylik investorlar bilan Chust tumanida 1 ming 500 gektardan oshiq yerda gilos yetishtirish bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi. Bu o‘z navbatida viloyatning qishloq xo‘jaligi sohasidagi eksport salohiyatini oshishiga xizmat qiladi. Kelgusida Yangiqo‘rg‘on, Kosonsoy va Chortoq tumanlarini meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirish, ularda bu borada istiqbolli yirik loyihalarni ishga tushirish, qishloq xo‘jaligining barcha yo‘nalishlarida klaster usulini rivojlantirish, yangi baliqchilik xo‘jaliklarini tashkil etish hisobiga baliq ishlab chiqarishni hajmini ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Tantanali marosimda Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov soha xodimlarini bayram bilan qutlab, joriy yilda erishilgan mazkur yutuqlarni e’tirof etib, bunda zahmatkash va mard bobodehqonlarning hissalari beqiyos ekanligini ta’kidladi. Soha alohida o‘rnak bo‘lgan bir guruh hamyurtlarimizga “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishonlari hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alarini topshirdi.

– Ishlayman, shu yurtga, shu elga nafim tegsin, degan dehqon borki doimiy e’tiborda, e’zozda. Kamtarona qilgan mehnatlarimiz yuksak qadrlanganidan bag‘oyat xursandman, – deydi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Karimov Yoqubjon saxovati” fermer xo‘jaligi rahbari Yulduzoy Karimova. – 2020 yil xo‘jaligimiz uchun salmoqli natijalarga boy tarzda poyoniga yetmoqda. G‘alladan 250, paxtadan 101 tonnadan ortiq hosil olib, shartnomaviy rejalarni yorug‘ yuz bilan uddaladik. Germaniya va Avstriya davlatlaridan keltirilgan 45 bosh naslli qoramol parvarishlayapmiz. bugungi kunda sut va sut mahsulotlarini aholiga arzon narxlarda yetkazib berilmoqda. Pandemiya davrida o‘ziga xos sinovdan o‘tdik. Og‘ir damlarda ham xo‘jaligimiz chetda turgani yo‘q. Birinchi navbatda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash diqqat markazimizda bo‘ldi. O‘zim deputat bo‘lib saylangan hududda mini-stadion, nonvoyxona, oshxona, dorixona qurdik. Ayni paytda davlat xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkilotini bunyod etish jadallik bilan olib boryapmiz. Nasib qilsa, bu tarbiya maskani yangi yildan bolajonlarni o‘z bag‘riga oladi. Kamtarona mehnatlarimiz “Mo‘’tabar ayol”, “Mehr-saxovat”, “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishonlariga munosib ko‘rilganidan bag‘oyat xursand bo‘ldim. Bunday e’tiroflar xo‘jaligimizning yuzdan ziyod ishchi-xodimlarining mehnatlari mahsulidir.

Bayram tadbirida viloyat badiiy jamoalari hamda taniqli xonandalar Rustam G‘oipov, Toshpo‘lat Matkarimov, Hulkar Abdullayeva va Yahyobek Mo‘minov yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.

[gallery-449]

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA