FOTOREPORTAJ
Namangan davlat texnika universiteti talabalari uchun Yangi Namangan tumanida qurilgan 1000 o‘rinli zamonaviy yotoqxona tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov o‘z chiqishida yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan ayyom — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan tabriklab, mazkur bino bayramga munosib to‘yona bo‘lganini ta’kidladi.
Yotoqxonani qisqa muddatda sifatli qurib bitkazgan «Nifrit Impeks» MCHJ jamoasining mehnati e’tirof etildi. Shundan so‘ng ramziy lenta qirqilib, mehmonlar talabalar turar-joyida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
[gallery-25493]
Islom Karimov ko‘chasida barpo etilgan 12 qavatli inshoot davlat-xususiy sheriklik asosida qurildi. Loyihaga ko‘ra, 1 va 2 qavatlarda xususiy maktab joylashib, yoshlar uchun zamonaviy ta’lim imkoniyatlari yaratildi. Yuqori qavatlar esa talabalar uchun qulay va xavfsiz xonadonlardan iborat.
Yangi yotoqxona talabalarning ta’lim olish samaradorligini oshirish, to‘garaklarda mashg‘ul bo‘lishi va sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgani, xonalardagi maishiy sharoitlar mehmonxonalardan qolishmasligi, ularni madaniy-ma’rifiy hayotini boyitish hamda zamonaviy sharoitlarda yashashini ta’minlashga xizmat qiladi deb ta’kidlandi.
Yakunda viloyat hokimi universitet talaba-yoshlari bilan samimiy muloqotda bo‘ldi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA