Yo‘llar infratuzilmasini mustahkamlashda zamonaviy texnikalar muhim ahamiyat kasb etadi. Shu boisdan ham Namangan viloyati uchun ichki yo‘llarni ta’mirlash maqsadida 14 ta zamonaviy “Freza” maxsus texnika xarid qilindi.
Mazkur zamonaviy transport vositalari Samarqand shahrida joylashgan “Uz Truck and Bus Motors” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan bo‘lib, ichki yo‘l qoplamalarini yangilashda samarali hisoblanadi.


Ta’kidlash darkor, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalari hamda ichki xo‘jalik yo‘llari infratuzilmasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, shahar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalari tarkibida ichki yo‘llarni saqlash va joriy ta’mirlash uchastkalari tashkil etilgan.


Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston bog‘i” oldida ushbu texnikalar Namangan shahar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalariga tantanali ravishda topshirilgani yangi yilga munosib tuhfa bo‘ldi. Tadbirda qatnashgan Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da yo‘l infratuzilmasini yanada rivojlantirish borasida belgilangan yangi rejalarni bajarishda bu texnikalarning ahamiyati katta ekanligini ta’kidladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.