Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan yirik xalqaro forumga mezbonlik qilmoqda
11:06 / 2025-09-17

Namangan viloyatida "Kambag‘allikdan farovonlik sari" mavzusida uchinchi xalqaro forum boshlandi. Mazkur nufuzli yirik anjumanda ko‘plab xorijiy davlatlar hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yunesko, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi xalqaro tashkilotlar va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etmoqda.

Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan izchil siyosat natijasida kambag‘allikni qisqartirishga alohida e’tibor qaratilib, mehnat bozorini isloh qilish, tadbirkorlikka jalb etish orqali aholi bandligini ta’minlash, odamlarning turmush sharoitini yaxshilash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Dunyo tajribasidan ma’lumki, rivojlanish mobaynida kambag‘allikni qisqartirish bosqichidan o‘tilishi zaruriy shart. Aslida yurtimizda 2021 yildan boshlab aholining muayyan qismi kambag‘al ekanligi ochiqlanib, ularga har tomonlama ko‘mak berishga kirishildi. Bu borada Prezidentimizning 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmoni dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Namangan viloyatida ham aholi turmush sharoitini yaxshilash, kichik biznesni rivojlantirish, kam ta’minlangan oilalarning farovonligini yaxshilash, daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish maqsadida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishi natijasida kambag‘allik darajasi sezilarli pasaydi.

– Bundan to‘rt yil avval viloyatimizda kambag‘allik darajasi 15,7 foizni tashkil etib, 104,5 mingta oiladagi 459,9 ming nafar aholi kambag‘al toifada hisoblangan edi. O‘tgan qisqa davr ichida aholi bilan manzilli ishlanishi natijasida 52,5 mingdan ortiq oilalardagi 222 ming aholi kambag‘allikdan chiqarildi, – deydi Namangan viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i Zafarjon Ikromov. – Birgina o‘tgan 2024 yilda kambag‘allik darajasini 7,6 foizga qisqartirishga erishildi. Joriy yil yakuni bilan bu ko‘rsatkichni 4,5 foizga tushirish bo‘yicha aniq dastur asosida ish olib bormoqdamiz.

Umuman olganda, kambag‘allikni qisqartirish oilalarni qashshoqlikdan chiqarish individual rejalarini ishlab chiqish va uning ijrosini muvofiqlashtirishda o‘z aksini topadi. Ya’ni joylarga chiqqan holda holat o‘rganilib, natijasi bo‘yicha davlat dasturi amalga oshirilib borilmoqda. Buning uchun mehnat bozori, band va ishsiz aholi tarkibi tahlil qilinadi hamda ishsizlar manzili aniqlanib, ularning hisobi yuritiladi. Shunga asosan iqtisodiyotning rivojlanib kelayotgan tarmoq va sohalarida mehnat resurslariga bo‘lgan talab prognoz qilinadi. 

Aholi turmush farovonligini oshirishda yangicha yondashuv va to‘plangan milliy tajribani qo‘llash chora-tadbirlarini yuqori bosqichga olib chiqishga yanada katta e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2024 yil 4 oktyabrdagi “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida fuqarolarning yuqori daromadli barqaror ish bilan bandligini ta’minlash, yoshlarning innovatsion va raqamli texnologiyalarga asoslangan ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, barcha qatlamlarning tibbiy, ijtimoiy xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoit yaratish hamda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishlarida zarur chora-tadbirlarni bajarish muhim vazifa sifatida belgilandi. Shu nuqtai nazardan har bir kishining o‘zi va farzandlari kelajagi uchun mas’uliyat bilan yondashishga undaydigan va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga imkoniyat yaratishga qaratilgan davlat dasturi hayotga tatbiq etilyapti. Ushbu dastur “Kambag‘al oilalar uchun yettita imkoniyat va mas’uliyat” tamoyili asosida amalga oshirilmoqda. Masalan, barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishish – tadbirkorlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish hamda har bir mahallaga yetakchi tadbirkorlarni jalb qilish, tomorqadan samarali foydalanish, har bir tuman va shaharda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga turtki beruvchi kamida beshtadan “drayver” loyihalar hayotga tatbiq etiladi. Ekin maydonlari kambag‘al oilalarga ijaraga beriladi va ularga kichik ishlab chiqarish uskunalari, ko‘chma do‘kon, motoroller, skuter kabi vositalar pulini bo‘lib to‘lash sharti bilan taqdim qilinadi.

2024-2025 yillarda kambag‘al oilalar farzandlarining maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 80 foizga yetkaziladi. Oilaning kamida bir farzandi xorijiy tillarga, kasb-hunarga yoki mutaxassislikka o‘qitiladi. Qiz farzandining oliy ma’lumotga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratilib, bolalar kompyuter savodxonligiga o‘rgatiladi. Kambag‘al oilalarning har bir a’zosi bir yilda bir marta to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, ularning o‘z sog‘lig‘i uchun mas’uliyatini oshirishi, har bir farzandi sport to‘garaklariga qatnashishi uchun imkoniyatlar yaratiladi. Oilaning tibbiy xizmatlarga o‘z hisobidan sarflaydigan xarajatlari ikki barobar qisqartiriladi.

Ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish orqali oilalarning mehnat qilish imkoniyatini cheklovchi omillar bartaraf etiladi. Xususan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga kunduzgi qatnov asosida qarab turish, bolalarni tarbiyalash va kunduzgi parvarishlash xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.

– Joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi davomida viloyatimizdagi 35 ming oiladagi 148,4 ming aholiga bir qator xizmat turlari ko‘rsatildi. 16,8 ming kishi doimiy ishga joylashtirildi va 2,5 ming fuqaroga imtiyozli kredit ajratildi. 29,1 ming odam tadbirkorlikka jalb qilindi va 3086 kishi kasb-hunarga o‘qitildi. Buning natijasida 19 ming oila daromadini oshirish hisobiga kambag‘allikdan chiqarildi.

Masalan, Davlatobod tumanidagi “Fazman tekstil” korxonasi tomonidan 20 million dollarlik tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, bu yerda jami 1200 ishchi-xodimdan 350 nafari “Kambag‘al oila” reyestridagi fuqaro, Namangan shahridagi “Dashbog‘” kichik sanoat zonasida 205,8 milliard so‘mlik 22 loyihadagi 3200 ish o‘rnidan 356 tasi va Davlatobod tumani “Yuksalish” kichik sanoat zonasida joylashgan “Interior mega max” jamiyatidagi 200 ish o‘rnidan 50 tasida va “Santex dizayn” korxonasidagi 100 ish o‘rnidan 20 tasida hamda Namangan tumanidagi “Nammatorservis” korxonasidagi 100 ish o‘rnidan 30 tasida ro‘yxatdagi fuqarolar bandligi ta’minlandi.

Chust tumanidagi “Chust tekstil” jamiyatida 1600 ish o‘rnidan 283 tasida “Ijtimoiy yagona reyestr” va “Kambag‘al oilalar reyestri”dagi oilalar hamda 21 tasida nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligi ta’minlangan. Ishchi- xodimlar farzandlari uchun 100 nafar o‘ringa mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilgan.

Qolaversa, Namangan shahridagi “Kasbiy ko‘nikmalar markazi”da oyiga 1625 nafar fuqaro 26 kasb yo‘nalishi bo‘yicha mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga jalb qilingan. Bugungi kunda 700 kishi o‘qitilmoqda. Namangan shahri “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida 12 toifadagi shaxslarga hususan, “Ijtimoiy himoya” yagona reyestridagi 5,9 ming nafar va “Kambag‘allik reyestri”dagi 8,2 ming nafar oilaga 100 turdan ortiq ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Norin tumanidagi “Fishville Norin” jamiyati tomonidan 2,3 gektar yer maydonda baliqchilik loyihasi doirasida tashkil qilingan 80 ish o‘rnidan 37 tasida reyestrdagi fuqarolar mehnat qilmoqda. 

Aholini ijtimoiy-muhofaza qilish maqsadida kambag‘al oilalarga biriktirilgan rahbarlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ham tahsinga sazovor. Ushbu yo‘nalishda ilk bosqichda, ya’ni joriy yilning yanvar-iyul oylarida 6 ming 145 kambag‘al oilaga 1 ming 231 nafar viloyat, shahar va tuman darajasidagi rahbar va ularning o‘rinbosarlari biriktirilib, tizimli ishlar olib borilgan bo‘lsa, keyingi bosqichda 1 ming 108 nafar rahbarga 5 ming 552 kambag‘al oila biriktirilib, ularning turmush tarzini yaxshilash hamda daromadini oshirish orqali kambag‘allikdan chiqarish ishlari amalga oshirilmoqda. 
Kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan og‘ir toifadagi 88 mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun davlat byudjetidan 252,8 milliard so‘m ajratib berildi. Bu mablag‘lardan viloyatdagi 68 “og‘ir” mahallaning suv ta’minotini yaxshilash uchun 86,4 milliard so‘m yo‘naltirilib, 11,4 ming xonadonning 6 ming 345 gektar tomorqa yer maydoni iqtisodiy samaradorlik tarkibiga kiritildi. Shuningdek, mahallalar elektr ta’minoti uchun 107,7 milliard so‘m, internetni yaxshilashga 1,6 milliard so‘m va ichki yo‘llar uchun 133,1 milliard so‘mni samarali yo‘naltirish belgilab olindi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish borasida erishilgan ijobiy natijalar hamda istiqbolli vazifalarni jahon hamjamiyati, xalqaro hamkorlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida 17-18 sentyabr kunlari viloyatda o‘tkazilayotgan  yirik tadbir – “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumi to‘plangan Namangan tajribasini butun jahonga keng yoyishga xizmat qiladi.

Oqilxon Dadaboyev, 

O‘zA muxbiri