FOTOREPORTAJ
Joriy yilning 29 may - 7 iyun kunlari Namangan shahrida shaxmat bo‘yicha “Namangan chess festival” I xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur xalqaro musobaqa Namangan viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu musobaqada dunyoning 7 mamlakatidan jami 273 nafarga yaqin shaxmatchi ishtiroki kutilmoqda.
Musobaqa 2 guruhda tashkil etiladi: “OPEN A” guruhda 1800 va undan yuqori FIDE reytingiga ega bo‘lgan shaxmatchilar ishtirok etish imkoniyatiga ega. Istisno tariqasida 1600-1799 reytingga ega bo‘lgan, xalqaro sport ustaligiga nomzod shaxmatchilar ishtirok etishi mumkin. “OPEN B” guruhda esa 1999 va undan past FIDE reytingiga ega bo‘lgan, shuningdek, reytingga ega bo‘lmagan shaxmatchilar ishtirok etadi. FIDE reytingi 1800 dan 1999 gacha bo‘lgan ishtirokchilar har ikki guruhdan birida ishtirok etishni tanlash huquqiga ega.
Ma’lumot uchun: mazkur xalqaro turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 350 million so‘mni tashkil etadi.
Musobaqa shveysar tizimida 9 turda o‘tkaziladi. Har bir ishtirokchiga o‘yin oxiriga qadar 90 daqiqa vaqt va birinchi yurishdan boshlab 30 soniyadan qo‘shib boriladi.
[gallery-23666]
Musobaqada turkmanistonlik xalqaro grossmeyster Saparmurat Otaboyev, ozarbayjonlik Vugar Rasulov, qozog‘istonlik Azamat Utegaliyev, FIDE bayrog‘i ostida Sergey Volkov va Arseniy Shturman kabi xorijlik yetakchi shaxmatchilar ishtirok etadi.
Shuningdek, xalqaro toifadagi sport ustalari Muhammadzohid Suyarov, Muhammadali Abdurahmonov, FIDE sport ustalari Asrorjon Omonov va Davron Sharipov kabi iqtidorli shaxmatchilarimiz ishtirok etishi kutilmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA