Vodiy turizmni rivojlantirish borasida o‘ziga xos tajribaga ega bo‘lgan Namanganda xalqaro darajadagi Gullar hamda Asal festivallaridan so‘ng yana bir nufuzli anjuman – Birinchi xalqaro “Namangan avtofestivali” yuksak saviyada o‘tdi.
Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik parki mezbonlik qilgan, bir-biridan ajoyib retro va zamonaviy texnikalar, betakror tyuning san’ati va yuqori sifatli xizmat ko‘rigini o‘zida aks ettirgan tadbirda nafaqat yurtimiz, balki Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Tojikiston hamda Rossiya Federatsiyasidan tashrif buyurgan mingga yaqin avtohavaskor va professionallar avtoulovlari bilan qatnashdi.

Ular orasida o‘z davrida talab ko‘p hisoblangan retro ulovlardan tortib, har jihatdan qulay va zamonaviy texnikalargacha mujassam bo‘ldi. Festival 50 dan ortiq mashinalarning Namangan shahri ko‘chalari bo‘ylab harakatlangan avtoparad bilan boshlandi va barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

– Xalqaro miqyosdagi avtofestivalni tashkil etish hamda uning kelgusida davomiy o‘tkazishimiz uchun o‘ziga xos omillar bor, – dedi anjuman ochilishida so‘zga chiqqan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov. – Boisi, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, ular tyuning sohasida boy tajriba to‘plangan. Viloyatimizda hozirgi vaqtda mazkur yo‘nalishga ixtisoslashtirilgan to‘rt mingdan ziyod tadbirkorlik sub’ektlarida o‘n mingdan ortiq yosh “Ustoz-shogird” tamoyilida ish olib bormoqda. Ayni kunlarda esa Yangi Namangan tumanidagi Axsikent hududidan Shimoliy aylanma yo‘l bo‘ylab ko‘chalar bo‘ylarida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini o‘z ichiga olgan “24/7” tartibida uzluksiz ish olib borgan savdo-maishiy servis markazlari barpo etilmoqda.
1961 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro gullar bayramida ham gullarga burkangan avtoparad o‘tkazilishi an’ana tusiga kirgan. Viloyat hokimligi tashabbusi hamda “O‘zavtosanoat” uyushmasi va viloyat turizm boshqarmasi hamkorligida festivalni har jihatdan ko‘tarinkilik bilan o‘tkazish uchun uning dasturi rang-barangligiga tashkilotchilar alohida e’tibor qaratdi.

Yoshlarning kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishini orttirish, yosh texnik va avtohavaskorlarni qo‘llab-quvvatlash, avtomobil tyuning sanoatini rivojlantirish, avtoishqibozlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida uyushtirilgan festival doirasida, Namangan shahridagi “Avto car part” mas’uliyati cheklangan jamiyat binosida shahar va tumanlardan saralab olingan hunarmandlar o‘rtasida “Yosh avtoustalar” musobaqasi uyushtirildi. Uning qatnashchilari bir necha nominatsiyalar bo‘yicha bahsga kirishib, o‘z mahoratlarini namoyish qildi.

Shuningdek, mahalliy kompaniyalar ishtirokidagi avtomobillar ko‘rgazmasi, avto sport, karting, avtomobil ta’mirlash va ehtiyot qismlarni tezkor almashtirish bo‘yicha musobaqalar, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yutuqli viktorina tanlovi ham ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

– Bugungi avtofesival bizni chinakamiga hayratda qoldirdi. O‘tgan asrning “shedevri”ga aylangan turli rusumdagi avtomashinalardan tortib, bugungi kunda “trend”da bo‘lib turgan mashinalarni uchratasiz. Men bundan avval qator qo‘shni davlatlarda o‘tkazilgan avtofestivallarda qatnashganman, ammo, bunday keng qamrovlisini uchratmaganman, – deydi Toshkent shahridagi “Putstop premium” guruhi rahbari Farhod Daminov. – O‘zbekistonda birinchi bo‘lib Namanganda uyushtirilgan tadbirga jahonga mashhur avtokompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan o‘nga yaqin poyga mashinalarini olib keldik. Ularning baquvvat dvigateli va shiddatkor qo‘zg‘alishi, avtosportchilarimizning chaqqonlik bilan bajargan amaliyotlari tomoshabinlarga manzur keldi. Muhimi, festivalga kelgan boshqa hamkasblar bilan o‘zaro fikr va tajribalarni almashdik.

Xalqaro anjumanda taniqli estrada xonandalari ijrosidagi konsert va ko‘ngilochar dasturlar katta bayramga ulanib ketdi. Retro, avto ehtiyot qismlarni ta’mirlash va ajratish hamda tyuning yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan festival yakunida 32 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan faol ishtirokchilar 400 million so‘mlik pul mukofotlari hamda avtomobillar bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA