O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari yildan yilga rivojlanmoqda. Namanganda o‘tkazilayotgan “Namangan – Xitoy” investitsiya va biznes forumi ham bunga yaqqol misol.
Ikki kun davom etadigan keng qamrovli forumda 300 dan ziyod xitoylik ishbilarmonlar, yirik kompaniyalar rahbarlari, Namangan viloyatidagi tadbirkorlik subyektlari ishtirok etmoqda. Tadbirda elektrotexnika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, charm, parranda, zargarlik, ipak va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatayotgan bir qator kompaniyalar, tadbirkorlar o‘zaro muzokaralar olib boradi. Yangi loyihalar yuzasidan kelishuvlarga erishiladi.
Xalqaro forum Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida “Made in Namangan” ko‘rgazma yarmarkasining ochilishi bilan boshlandi. Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari O. Inomov mehmonlarni O‘zbekistonga tashrif bilan qutladi. Namangan viloyatining iqtisodiy va sanoat salohiyati, investitsiya jozibadorligi haqida batafsil ma’lumot berdi.
2024-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, Namangan viloyatida Xitoy Xalq Respublikasining kapitali ishtirokida 56 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 18 tasi qo‘shma, 38 tasi xorijiy korxona hisoblanadi. “Made in Namangan” savdo ko‘rgazma yarmarkasida viloyatdagi 500ga yaqin korxonalar tomonidan yengil sanoat, charm poyabzal, elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat va mebelsozlik sanoati mahsulotlari namoyish etildi.
[gallery-16998]
Ko‘rgazma bilan tanishgan xitoylik tadbirkorlar, investorlar tekstil, elektrotexnika, qurilish, oziq-ovqat, energetika, qishloq xo‘jaligi, charm-poyabzal kabi tarmoqlar bo‘yicha hamkorlik qilish istagini bildirdi. Viloyat investitsiya boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, forumning dastlabki kunida tashkil etilgan savdo sanoat ko‘rgazma yarmarkasi yakunlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan xitoylik va mahalliy tadbirkorlar o‘rtasidagi “B2B” uchrashuv va muzokaralarida 350 million dollarlik loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qaratilgan kelishuvlar imzolandi.
– Kompaniyamiz elektrotexnika, asosan elektr kabellari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, – deydi “Tompson kompyuter” kompaniyasi direktori Deyvid Chen. – O‘zbekistonda ko‘p bor kelganman. Namanganga ilk tashrifimiz yirik iqtisodiy forum doirasida amalga oshirilayotganidan xursandmiz. Savdo sanoat yarmarkasida namanganlik tadbirkorlar bilan muzokaralar o‘tkazdik. Nasib qilsa yurtingizda o‘zaro hamkorlikda zavod qurishni rejalashtirganmiz.
Shundan so‘ng, Xitoy Xalq Respublikasidan tashrif buyurgan investorlar Namangan shahri va tuman hokimliklari vakillari hamrohligida o‘zlari qiziqish bildirgan hududlarga yo‘l oldi. Ularda bir qator ishlab chiqarish obyektlari bilan tanishuv, hududlar iqtisodiy salohiyati taqdimotlarini o‘tkazish hamda ikki tomonlama hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat) O‘zA.