French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan Xalqaro tibbiyot forumi bizlarni birlashtirdi va hayratlantirdi
11:51 / 2019-09-17

Joriy yilning 13-14 sentabr kunlari Namangan viloyatida ilk bor yirik xalqaro tibbiyot va farmasevtika forumi bo‘lib o‘tdi.


Joriy yilning 13-14 sentabr kunlari Namangan viloyatida ilk bor yirik xalqaro tibbiyot va farmasevtika forumi bo‘lib o‘tdi. Unga dunyoning 30 mamlakatidan 150 ga yaqin nomdor kompaniyalar vakillari, sohaning yetuk olimlari, ekspertlar, investorlar tashrif buyurdi. Nufuzli tadbir davomida bir qator amaliy natijalarga erishildi, ko‘plab manfaatli shartnomalar, kelishuv memorandumlari imzolandi. Mazkur forum yuksak saviyada va ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Buni ishtirokchilarning munosabatlari va taassurotlaridan ham bilish mumkin.

Raju SUVAMI, “UZIND” sog‘liqni saqlash kompaniyasi boshqaruvchi direktori:
- Namanganga to‘rtinchi kelishim. Avval ham bu yerda uyushtirilgan shunday katta anjumanlarda qatnashganman. Bugungi tarkibimizda kompaniyamiz a’zolari bor. Faoliyatimiz tashkiliy ishlar bilan bog‘liq. So‘rovnomalar, bemorlar murojaati orqali hududlardagi aholining salomatlik holatini o‘rganamiz. Monitoring natijasida har bir viloyat, shahar, tuman, qishloqda ko‘p uchraydigan kasalliklarni aniqlaymiz va shunga qarab rejamizni tuzamiz. Ixtisoslashgan mutaxassislarni yo‘naltiramiz va maxsus ob’ektlar barpo etamiz, Hindistondan tajribali shifokorlar, tibbiy jihozlarni va zamonaviy texnologiyalarni, qimmatbaho dori vositalarini arzon narxda olib kelamiz. Albatta, bunda mahalliy shifokorlar ko‘magiga tayanamiz.

Viloyatingiz haqida ma’lum xulosalarga egaman. Ishonch bilan aytamanki, tadbirkorlar uchun yetarli imkoniyatlar yaratilgan. Biz Uchqo‘rg‘on tumanida ko‘p tarmoqli xususiy diagnostika markazi qurish uchun investitsiya kiritmoqchimiz. Nafaqat Namangan, balki vodiy, butun O‘zbekiston, unga qo‘shni davlatlar bilan istiqbolli hamkorlikni kengaytirmoqchimiz.

Dilyara MEDVEDSKAYa, Rossiyaning xususiy oilaviy tibbiyot markazi boshqaruvchi direktori:

- Samolyotdan tushib Namanganga qo‘nishimiz bilan bizni karnay-surnay sadosida kutib olish marosimi, qizlarning milliy kiyimda gullar, non va shirinlik ulashishi, istarali kishilari e’tiborimizni tortdi...
Yekaterinburg shahrida joylashgan oila markazimiz tashkil topganiga 19 yil to‘ldi. Befarzand oilalar vakillari yuzida quvonchni ko‘rish – asosiy maqsadimiz. Bizda davolangan er-xotin juftliklarning 80-90 foizi ijobiy samara bilan chaqaloqli bo‘lishmoqda. Dunyo bo‘yicha befarzand oilalar 20 foizdan iboratligini inobatga olib, geografiyamiz ko‘lami ortmoqda.

Viloyatingizning Uychi tumanida befarzandlik ko‘rsatkichi yuqori ekan, bu esa tibbiy ko‘rikdan o‘tmasligi va salomatlik madaniyatining yetishmasligidandir.

Bepushtlikni kamaytirish, ona va bola sog‘ligini barqaror ta’minlash yo‘lida Namanganda ham perinatal markazlari, xususiy klinikalar, “Yekaterinburg sSM” filialini ochish niyatidamiz. Shu masala yuzasidan muzokaralar yuritdik. Tajribali akusher-ginekolog va urolog-androloglarni jalb qilamiz.

Mahbub AFZAL, Hindistonning “Al-Salamah Medical Tourism Pvt. Ltd” kompaniyasi direktori:

- Poytaxt Dehlidagi universitetning o‘zbek tili fakultetini tugatganman. Shuning uchun bu tilda erkin gaplashyapman. Bu esa o‘zaro muzokaralarimiz sifatiga, suhbatlar samimiyligiga hissa qo‘shadi. O‘zbekchani namunali o‘zlashtirganim uchun alohida qadrlashadi, darrov muloqotimiz qiziydi. Yurtingizning ko‘p viloyatlariga borganman, O‘zbekistonga, xalqiga mehrim o‘zgacha, qadrdonlarim bisyor.

Toshkentda ham ofisimiz mavjud, investorman. Namangan menga tanish, viloyatingiz markazidagi “Doktor A” va “Oydin shifo” kabi xususiy shifoxonalar bilan yaqin hamkorligimiz yo‘lga qo‘yilgan. Barcha turdagi tibbiy xizmatlar ko‘rsatamiz. Bu safar esa davolashdan tashqari farmasevtika tarmog‘ini ham tashkil qilishni ko‘zlagandik. Shu bois
“Kosonsoy Farm” erkin iqtisodiy zonasiga qarashli “Salomatlik Diyor Kelajak” MChJ va “Aakash Healthcare” kompaniyamiz o‘rtasida farmasevtik mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha 5 million dollarlik kelishuv memorandumi imzolandi.

Namanganda ikki kun to‘liq bo‘lsakda, baribir vaqt yetmadi. Hatto dasturxon atrofida ham do‘stona gurunglarimiz davom etdi. Ketma-ket uchrashuvlardan, e’zozdan boshimiz osmonda. Televidenie, gazeta, internet jurnalistlariga fikrlarimizni bildirdik, suratlarga tushdik.

Baxitjan NURKEEV, Qozog‘iston milliy tibbiyot ilmiy markazi bolalar bo‘limi kardiojarrohi:

– 23 yildan beri shu sohada ishlayman. Diyoringiz xalqaro tajriba almashishga mezbonlikni a’lo darajada uddaladi, jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgan. Forumdan keyin tez fursatlarda sohaga doir sezilarli ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berishiga ishonchim komil.

Namangan shahridagi muhtasham bino – Davlat xizmatlari markazida seksiyalarga bo‘lingan holda yangiliklarni o‘rtoqlashdik.
Kardiologiyaning dolzarb muammolariga innovatsion yondashuv yo‘nalishida ma’ruza o‘qidim. Savol-javoblar, muhokamalar o‘tkazildi, bahs-munozarali masalalarga malakali mutaxassislar bilan birgalikda yechim izlandi. Mulohazalar, o‘rinli takliflar, biznes rejalar ilgari surildi.
Shuningdek, Irvadon viloyat bolalar shifoxonasi faoliyati bilan ham yaqindan qiziqdik.

Bahrom BOBOEV, Qosim FATXULLAEV, Tojikiston tadbirkor-investorlari:
- Dushanbe shahridan keldik. Mehmondorchilikka gap bo‘lishi mumkinmas. Biz xususiy kompaniya vakillari sifatida 40 dan ortiq turli firmalar, korxonalar bilan sherikmiz. Faqat davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida ish tashkillashtiramiz. Budjet tashkilotlari, hokimiyatlar bilan shartnoma rasmiylashtiramiz. Shifoxonalar, klinikalarning kompleks binolarini qurish, zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan ta’minlash vazifasini bajaramiz.

Ob’ekt qabul qilishdan avval astoydil o‘rganamiz va so‘ngra amaliyotga dadil kirishamiz. Namanganda esa biz istagan qulaylik va imtiyozlar yaratilganiga guvoh bo‘ldik.

Forum mobaynida Kosonsoy tumanidagi “Axsikent sof sanoat” MChJda tayyorlanayotgan bir martalik tibbiyot qo‘lqopi, niqob, shapka, xalat, baxillani ko‘zdan kechirdik, sifati ma’qul. Ishonasizmi, bizda bu mahsulotlar ishlab chiqarilmaydi, Xitoydan olib kiriladi.
Samarqand bilan aloqamiz bor. Shart-sharoitlarni surishtirdik hamda Namanganga ham sohani rivojlantirish uchun investitsiyani qat’iy joriy etmoqchimiz.

Rashid Al-MUTAVA, Quvayt milliy onkologiya markazi bosh konsultanti:
– Namanganning toza havosi, chiroyli tabiati, mazali taomlari, samimiy odamlari, boy tarixi yoqdi. Farg‘ona vodiysini ilk marta tomosha qilishim, oldinlari faqt kitoblarda o‘qigandim.

Xalqaro forumga to‘xtaladigan bo‘lsam, respublikangiz sog‘liqni saqlash vaziri va viloyatingiz hokimi bilan ko‘rishganimizda ular investorlar uchun barcha sharoitlar hozirlanishini ta’kidlashdi. Tushundimki, yurtingiz katta potensialga ega ekan.

Anjuman doirasida Namangan viloyat onkologiya shifoxonasiga bordik. Bu yerda bizdan “Qanday kamchilik kuzatdingiz?” deya maslahat so‘rashdi. Biz esa 160 o‘rinli shu davolanish muassasasida bir yil ichida 2 ming nafar bemor “operatsiya” qilinarkan. Demak, o‘rin va shifokorlar sonini oshirish zarurligini aytdik.

Darvoqe, forumning ikki kunlik foydali rasmiy, nazariy va amaliy tadbirlaridan so‘ng biz uchun Namanganning diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirildi.

“Afsonalar vodiysi” bog‘i, alloma Is’hoqxon to‘ra Ibrat memorial majmuasi milliy va zamonaviy uslubda barpo etilibdi. Chet tillariga ixtisoslashgan Ibrat nomidagi maktabni ko‘rib, havas qildik. Bunday maktabni tashkil etishdek ajoyib g‘oyaga tan berdik, bizda ham qo‘llashga arziydi. Umuman, sizlarda ta’limni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarga g‘amxo‘rlik baland ekan. O‘quvchilar bir necha xorijiy tillarda bemalol so‘zlashyapti. Endi tibbiyotingiz ham keskin rivojlanishi, shubhasiz. Ma’lumot o‘rnida, tibbiyot yo‘nalishida 8 ta kompaniyamiz faoliyat yuritadi.

Shunday qilib, gullar shahrida “XXI asrda tibbiyot va farmasevtikaning rivojlanishida investitsiya va innovatsiyaning roli” mavzuidagi Xalqaro tibbiyot va farmasevtika forumida Avstriya, Germaniya, Isroil, Misr, Pokiston, Rossiya, Slovakiya, Ukraina, Hindiston va Xitoy kompaniyalari bilan umumiy qiymati 92,7 mln. dollarlik 22 ta muhim kelishuvga erishildi va bitimlar imzolandi.

Forumning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov o‘z nutqida urg‘u qaratganidek, Namangan tibbiyot salohiyati va farmasevtika sanoati eng yuksalayotgan hududlardan biriga aylanib, dovrug‘ qozonmoqda.