Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan viloyatining 2022 yildagi byudjeti tasdiqlandi
17:00 / 2021-12-31

Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining navbatdagi yigirma sakkizinchi sessiyasida senatorlar, deputatlar, moliya va soliq idoralari rahbarlari ishtirokida viloyat byudjeti parametrlari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Namangan viloyati mahalliy byudjetining 2021 yildagi ijrosi hamda 2022 yilga mo‘ljallangan loyihalari to‘g‘risida viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i Zuhriddin Bahriddinovning axboroti tinglandi. Nazarda tutilgan xarajatlar haqida yo‘nalishlar va sohalar kesimida ma’lumot berildi.


Qayd etilganidek, joriy yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi “Covid-19” pandemiyasi oqibatida kelib chiqqan inqirozdan so‘ng asta-sekinlik bilan tiklanmoqda. Bu esa makroiqtisodiy vaziyatning barqarorlashuvi va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida o‘sish sur’atlarining qayta tiklanishi kuzatilmoqda.


Chunonchi, 2021 yilda Namangan viloyatining byudjet daromadlari rejasi 2 trillion 593 milliard 500 million so‘m belgilangani holda, bu ko‘rsatkich 2 trillion 790 milliard 100 million so‘mni tashkil etib, 196 milliard 600 million so‘mga oshirib bajarilishi kutilmoqda.


O‘zbekiston Respublikasining “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunga asosan Namangan viloyati mahalliy byudjetining 2022 yil uchun daromadlari 2 trillion 903 milliard 215 million so‘m, xarajatlari esa 4 trillion 607 milliard 972 million so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda. Respublika byudjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar 1 trillion 704 milliard 800 million so‘m miqdorida belgilanmoqda.


Viloyat byudjetining umumiy xarajatlarining 63,3 foizi ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadlariga yo‘naltiriish rejalashtirilgan. Avvalgi yillar kabi ijtimoiy xarajatlarning aksariyat qismi sog‘liqni saqlash xarajatlari (49, 9 foiz) tashkil etishi kutilmoqda. Ta’lim sohasiga esa 583 milliard 400 million so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.


Sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qurilish, xizmat ko‘rsatish tarmoqlari hisobiga 2022 yil uchun kutilayotgan yalpi hududiy mahsulot hajmi 34 trillion 100 milliard so‘mni tashkil etishi mo‘ljallanmoqda.


Shahar va tumanlar hokimlariga hududiy mahalliy byudjet xarajatlarining (zaxira jamg‘armasi mablag‘larisiz) 5 foiziga teng miqdorida mablag‘lar jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga hamda mahalliy byudjetlarda shakllangan qo‘shimcha manbalarning kamida 30 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun “Fuqarolar tashabbusi” jamg‘armasiga yo‘naltirish vazifasi belgilandi.


Bundan tashqari, soliq idoralari va mahalliy hokimliklarga soliq tushumlarini ko‘paytirish maqsadida joylarda bozorlar, yo‘lovchi va yuk tashish transporti faoliyatini tartibga solish, “xufiyona iqtisodiyot”ga qarshi kurashish samaradorligi hamda ta’sirchanligini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha aniq topshiriqlar yuklatildi. 


Sessiya ishida, deputatlar va ishtirokchilar tomonidan bir qator savollar va takliflar o‘rtaga tashlandi.  Xalq deputatlari viloyat Kengashining “Namangan viloyatining 2022 yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash to‘g‘risida”gi tegishli qarori qabul qilindi. Shuningdek, xalq deputatlari viloyat Kengashining sessiyalar oralig‘ida qabul qilgan qarorlari ham tasdiqlandi. 


Sessiyada Namangan viloyati hokimi, xalq deputatlari viloyat kengashi raisi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

[gallery-5331]

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.