Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 6-Namangan okrug saylov komissiyasi raisi, Namangan davlat universiteti rektori, professor Sobitxon Turg‘unov ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
Saylovlarning borishi bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda ta’kidlanganidek, viloyatdagi 831 ta saylov uchastkasida ertalab soat 8.00da davlatimiz madhiyasi sadolari ostida boshlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga ovoz berish jarayonlarida soat 14.00ga qadar saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 1 million 655 ming 648 nafar saylovchining 811 ming 715 nafari yoki 49,3 foizi ovoz berishda ishtirok etdi.
Bu soat 11.00 ga qadar olingan ma’lumotga nisbatan 202 ming 437 nafarga ko‘paydi. Soat 18:00 ga qadar esa Namangan viloyati bo‘yicha jami saylovchilarning 1 million 213 ming 731 nafari, boshqacha aytganda, 73,31 foizi ovoz berdi.Bu o‘z navbatida, saylovchilarning yanada faollashganidan dalolat beradi.
[gallery-4411]
Brifingda qayd etilganidek, ovoz berish jarayonlarini O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan demokratik prinsiplari asosida ochiq va oshkoraligini to‘laqonli ta’minlash maqsadida Namangan viloyatining 14 ta hududidagi 14 ta saylov uchastkasiga o‘rnatilgan videokuzatuv kameralari orqali saylov uchastkalaridagi jarayonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri dunyoga namoyish etilmoqda.
Shahar va tumanlardagi ovoz berish bilan bog‘liq jarayonlarni xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchilar, shuningdek, siyosiy partiyalar va akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalistlar kuzatib bormoqda.
Saylov jarayonlarini karantin talablariga to‘liq rioya etgan holda tashkil etishga alohida e’tibor qaratilib, saylov uchastkalari himoya niqoblari, antiseptik vositalar, termometrlar bilan ta’minlandi.
Hozirga qadar viloyatda ovoz berish jarayonlarida saylovchilar, kuzatuvchilar tomonidan e’tiroz yoki shikoyatlar kuzatilmadi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA