Namangan viloyatida koronavirusga chalingan 11 nafar bemor butunlay sogʻaydi
Jumladan, Namangan viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida bugun yana koronavirus infeksiyasiga chalingan 11 nafar bemor butunlay sogʻaydi.
Nafaqat Toshkent shahrida, balki hududlarimizda ham malakali shifokorlarimiz tomonidan koronavirus infeksiyasini xalqaro standartlar asosida davolash choralari samarali olib borilmoqda.
Jumladan, Namangan viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida bugun yana koronavirus infeksiyasiga chalingan 11 nafar bemor butunlay sogʻaydi. Ular viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi masʼullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.
Sogʻaygan bemorlarning 3 nafari erkak, 8 nafari ayollardir. Ularning barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda boʻlib, infeksiya yuqtirib olgan. Samarali davolash muolajalaridan keyin, soʻnggi tekshiruvlar ularning xastalikni toʻliq yengib oʻtganligini koʻrsatdi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, ushbu muvaffaqiyatlar zamirida viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi jamoasining bahamjihat boʻlib, ulkan masʼuliyatni chuqur his etgan holda, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning shifo topishi uchun astoydil kurashayotgani muhim ahamiyat kasb etayapti. Buning uchun shifoxonada barcha sharoit yaratilgan, dori-darmon, zamonaviy tibbiy texnologiyalar, himoya vositalari bilan taʼminlangan.
Eng muhimi, darddan forigʻ boʻlayotgan insonlar quvonchi koronavirus pandemiyasi bilan kurashayotganlarga kuch-gʻayrat bagʻishlamoqda. Bu kabi xushxabarlar esa dunyoni tahlikaga solayotgan koronavirus infeksiyasi bilan samarali kurashish mumkinligi, hatto, gʻolib boʻlish imkoni borligini koʻrsatmoqda. Bunda hal qiluvchi zarbani berish, shubhasiz, tibbiyot xodimlarining zimmasida. Qahramon shifokorlarimiz esa ushbu vazifani sharaf bilan bajarishayotganiga guvoh boʻlib turibmiz.
Ayni paytga qadar mamlakatimiz boʻylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sogʻaygan bemorlar bugunning oʻzida 19 nafarga yetib, jami 85 nafarni tashkil etmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi