Bugungi kunda O‘rmon xo‘jaligi agentligi tasarrufidagi o‘rmon fondi yerlari maydoni respublika bo‘yicha 11,8 million gektarni tashkil qiladi. O‘rmon fondi yerlarining o‘rmon bilan qoplanganlik darajasi ko‘rsatkichi o‘rmon xo‘jaligida muhim faoliyat indikatori bo‘lib, hozirgi kunda mazkur ko‘rsatkich mamlakatimizda 5,3 million gektarni tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga asosan o‘rmon fondi yerlari maydonini 14 million gektarga, shundan o‘rmon bilan qoplangan yerlarni 6 million gektarga yetkazish belgilangan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan “O‘rmon to‘g‘risida"gi qonunning Namangan va Samarqand viloyatlaridagi ijrosini nazorat tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda shular to‘g‘risida so‘z bordi.


– Mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, o‘rmonlarni muhofaza qilish, ko‘paytirish, “yashil maydonlar”ni kengaytirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi, – dedi Spiker o‘rinbosari Xayrullo G‘afforov. – Hududlarda o‘rmonlarni takroriy ko‘paytirish, ularning tur tarkibini yaxshilash, o‘rmon melioratsiyasi va o‘rmonlarni plantatsiya usulida yetishtirish ishlari amalga oshirilgan. O‘rmon yerlaridagi daraxtlarning inventarizatsiyasi o‘tkazilib, qurigan ko‘chatlar o‘rni to‘ldirilgan. Respublikada 2022 yilda o‘rmon fondi yerlarida jami 233 ming gektar maydonda o‘rmonlarni ko‘paytirish, jumladan 113 million dona nihol va ko‘chatlarni yetishtirish, 1 ming tonna daraxt va butalarning urug‘larini tayyorlash va boshqa o‘rmonchilik tadbirlari amalga oshirilgan.
Yig‘ilishda har ikkala viloyatdagi o‘rganishlar keng muhokama qilindi. Qayd etilganidek, Namangan viloyatida 151,4 ming gektar o‘rmon fondi yerlari mavjud. Viloyatda 2022 yilda 6,2 million dona nihol va ko‘chatlar yetishtirilgan bo‘lsa, joriy yilda 18 gektar maydonda niholxona va ko‘chatxonalar tashkil etilgan. O‘tgan yilda 930 gektar, bugungi kunda esa 80 gektar maydonda o‘rmon barpo qilish va qayta tiklash tadbirlari amalga oshirilgan.
Samarqand viloyatida esa 70,3 ming gektar o‘rmon fondi yerlari mavjud bo‘lib, bu yerlarda hudud iqlimiga mos o‘simliklar yetishtirilgan. Masalan, 2022 yilda 11,1 million dona nihol va ko‘chatlar yetishtirilgan bo‘lsa, joriy yilda 35 gektar maydonda niholxona va ko‘chatxonalar barpo etilgan. O‘tgan yilda 1 ming 427 gektar, 2023 yilda 331 gektar maydonda o‘rmon barpo qilish va qayta tiklash ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Deputatlar amalga oshirilgan ishlar bilan birga o‘rmonlarni ko‘paytirish, qayta tiklash va ularning mahsuldorligini oshirish bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklarga e’tibor qaratib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga taklif-tavsiyalar berdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA