Rustamjon Ibragimovich Isroilov O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning 2020 yil 18 dekabrdagi buyrug‘i bilan Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U mazkur lavozimda ishlagan Vahobjon To‘rajonovich Rajabovning o‘rnida ish boshladi.
Ma’lumot o‘rnida, Rustamjon Isroilov 1962 yil 17 iyul kuni Namangan viloyatining Chortoq tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1988 yili Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan. Mutaxassisligi - iqtisodchi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining a’zosi.
Mehnat faoliyatini 1988 yilda Andijon paxtachilik institutida qishloq xo‘jaligi iqtisodi va ishlab chiqarishni tashkil etish kafedrasi assistenti sifatida boshlagan.

U 1989 - 2018 yillar mobaynida O‘rta Osiyo qishloq xo‘jaligi iqtisodi ilmiy-tekshirish instituti aspiranti; Andijon qishloq xo‘jaligi instituti katta o‘qituvchisi, kafedra mudiri; Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti iqtisod fakulteti dekani; mazkur oliygohning iqtisodiyot va tadbirkorlik ishlari bo‘yicha prorektori; o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori; Namangan viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i; Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan ishlash bo‘yicha prorektori vazifasini bajaruvchisi; moliya va iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ish olib borgan.
2018 yil 26 oktyabrdan buyon Namangan muhandislik-texnologiya institutining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Rustamjon Isroilov iqtisod fanlari nomzodi, dotsent ilmiy darajasiga ega.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA