Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
17:50 / 2026-03-03

Yurtimizni obodonlashtirish, hududlar qiyofasiga chiroy bag‘ishlovchi "Yashil makon" umummilliy loyihasining bahorgi mavsumi boshlandi.

Namangan viloyatida joriy yil bahorida olti million tup ko‘chat va butalar ekish rejalashtirilgan. Shu bois, ko‘klamning ilk kunida yashillikka alohida e’tibor qaratilib, barcha shahar va tumanlarda hasharlar o‘tkazilmoqda.

Davlatobod tumanidagi "Yangi O‘zbekiston bog‘i" tematik parkida tashkil etilgan loyihaning yangi mavsumi boshlanishi tadbirida Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov qatnashdi. Bog‘ hududiga ming tupdan ziyod manzarali ko‘chatlar o‘tqazildi.

***

Namanganda shu yilning fevral oyidan boshlab zamonaviy “Elektron retsept” tizimini bosqichma-bosqich tarzda amaliyotga joriy etishga kirishildi. Dastlab Davlatobod, Yangi Namangan va Namangan shaharlarida sinov tariqasida faoliyat ko‘rsatadi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departementi viloyat boshqarmasi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari tomonidan bu boradagi ishlar o‘rganildi.

Endi shifokorlar retseptni qog‘ozda yozmaydi, barchasi elektron formatda amalga oshiriladi. Yil oxirigacha bosqichma-bosqich boshqa tumanlarda mazkur tizimni joriy etish rejalashtirilgan. Bu yangilik tibbiy xizmat sifatini oshirish, dori vositalarini belgilashda shaffoflikni ta’minlash hamda bemorlar uchun qulaylik yaratishga qaratilgan.

***

Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 1-umumta’lim maktabida investitsiya dasturi asosida bunyod etilgan yangi 600 o‘rinli o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.  

Shu munosabat bilan bo‘lgan tadbirda so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda ta’lim sohasini tubdan isloh qilish borasidagi xayrli ishlar va ularning samarasi xususida to‘xtaldi.  

Ma’lumot uchun: mazkur ta’lim maskanida byudjet hisobidan 13,3 milliard so‘m yo‘naltirilib, mavjud binolar zamonaviy talablar asosida ta’mirlandi, qo‘shimcha o‘quv bino qad rostladi.

***

Namangan tumanidagi sanoat va iqtisodiyot texnikumi negizida “Gavhar group” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yo‘lga qo‘yiladigan umumiy qiymati 30 milliard so‘m bo‘lgan zargarlik maktabi barpo etilishi tufayli 105 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.  

Ushbu loyiha xalqaro darajadagi mutaxassilarni jalb etgan holda mahalliy zargarlarni yangi talablar asosida qayta tayyorlash, ilmga asoslangan zargarlik o‘quv dasturlarini joriy etish, Singapur tajribasi asosida texnikum, oliy o‘quv yurtini tashkil etib, ishlab chiqarishni jahon andozalarga moslashtirishga qaratilgan.

***

Yangi Namangan tumanining Go‘zal mahallasida joylashgan “Velley toys” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqariladi.  

Tadbirkor Tolib Abdullayev tomonidan ta’sis qilingan mazkur korxonada 20 turdan ziyod turdagi zamonaviy o‘yinchoq va qo‘g‘irchoqlar tayyorlanadi.  

Ayni vaqtda sexning o‘zida 30 kishining bandligi ta’minlangan. Qolaversa, kooperatsiya usulida yana 70 xonadonga xomashyo berib, tayyor mahsulot oladi va shu yo‘l bilan 100 ga yaqin fuqarolar ishli bo‘ladi.  

Korxona faoliyatni yanada kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish barobarida xavfsizlik va sifat masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA