French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
14:20 / 2025-12-06

Namanganda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan tijorat bankidan olingan kreditni o‘z vaqtida qaytarmagan jamiyatga nisbatan qat’iy choralar ko‘rildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Agrobank” bilan tuzilgan shartnoma asosida ajratilgan kredit belgilangan muddatda qaytarilmagan. Shu sababli bank sudga murojaat qilgan. Sud qarzdorlikni undirish haqida qaror chiqarib, jamiyat 896 million so‘m qarzni majburiy tartibda to‘lashga majbur etildi. Ijro varaqasi MIB Namangan viloyati boshqarmasi tegishli bo‘limiga kelib tushgach, mas’ullar harakatni boshladi.

Ixtiyoriy muddatda qarz qoplanmagani uchun majburiy ijro choralari qo‘llanildi va natijada jamiyat tasarrufidagi 10 ta avtomashina xatlandi.

Hozirda amaliy ishlar davom etmoqda. Agar qarz qisqa fursatda qoplanmasa, ushbu avtomashinalar auksion savdolarga chiqarilishi mumkin.

***

Chust tumanida ikki nafar bolasi uchun aliment to‘lamay kelayotgan mas’uliyatsiz ota qonun oldida javob berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, sud qaroriga ko‘ra, qarzdor fuqaro A.M. farzandlari moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashi shart edi. Majburiy ijro byurosi Chust tumani bo‘limi  davlat ijrochisi tomonidan bir necha bor ogohlantirilsa-da, to‘lovlarni to‘xtatib qo‘ygan. 

Natijada, sud uning tamagirlikdan bo‘yin tovlashiga chek qo‘ydi va 60 soat majburiy mehnat huquqiy jazo sifatida qo‘llanildi.

***

“Namangan” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi da’vosi asosida fuqaro U.S. tomonidan noqonuniy ekilgan daraxt va ekinlarni buzdirish hamda yer maydonini bo‘shatish belgilab qo‘yilgan edi.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Chust tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tadbir natijasida “Sabzazor” massividagi ikki gektar yer maydoni to‘liq dastlabki holatiga qaytarildi.

Qayd etish joiz, bu amaliy ish erkin iqtisodiy zonalardagi tartib-intizomni mustahkamlash, investitsion muhitni himoya qilish va qonun ustuvorligini ta’minlashda muhim qadamdir.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA