Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
17:17 / 2025-08-25

Namangan shahrida ilg‘or kasbiy tayyorgarlik markazi ochildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda Yevropa Ittifoqi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining YUNESKO jamg‘armasi, respublika Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Namangan viloyati hokimligi mutasaddilari ishtirok etdi.

YUNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, Yevropa Ittifoqining hamkorlik bo‘limi rahbari Vim Riepma O‘zbekistonda yosh avlodni kasbiy bilim va mahoratini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar, bu borada, hukumat tomonidan qaratilayotgan g‘amxo‘rlik va uning samaralariga to‘xtaldi. 

Ramziy tasma kesilgach, loyiha doirasida ta’mirlangan binolar, o‘qituvchilar malakasini oshirish xonalari va yangi jihozlar ko‘zdan kechirildi. O‘z navbatida, markaz direktori Shahnoza Mamajonova ishtirokchilarni Ilg‘or kasbiy tayyorgarlik markazining 2026 yildagi rejasi bilan tanishtirdi va Yevropa Ittifoqi tarafidan moliyalashtirilgan yangi loyiha Namangan viloyatida kasbiy ta’limni takomillashtirish, kadrlar sifati va salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladi. 

*** 

Namangan viloyati hokimligi Raqamli transformatsiya reytingida 2025 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, 83,54 foiz natijani qayd etib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Reytingda respublikaning umumiy hisobda 91 ta ijro etuvchi hokimiyat organi, xo‘jalik birlashmasi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi qatnashdi. 

Tashkilotlarda raqamli transformatsiya holatini reyting baholash ochiqlik va elektron ishtirok, elektron xizmatlar, axborot xavfsizligi hamda faoliyatning raqamlashganligi indekslari asosida amalga oshiriladi. 

Mazkur tasnif Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 15 iyundagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatning rivojlanish holatini reyting baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yuritib kelinmoqda. 

*** 

Chust tumani Yorqishloq mahallasida bugungi kunda 5 ming 524 aholi istiqomat qilib, xonadonlar tomorqasi 140 gektarni tashkil etadi. Shuningdek, 400 gektardan ziyod 35 ta bog‘ ham barpo qilingan. Har bir oila tomorqasidan unumli foydalanib, 15-20 million so‘m, bog‘lardan esa 200 million so‘mgacha daromad topmoqda. 

Keyingi yillarda uzumchilik mahallaning “o‘sish nuqtasi” sifatida jadal rivojlanmoqda. Masalan, usta bog‘bon Jo‘rabek Qalandarov “Oltiariq usuli”da uzum yetishtirish tashabbusiga javoban bir gektar uzumzorga asos solgan. Mirishkor bog‘bon o‘tgan yili 10 tonna uzum yetishtirgan bo‘lsa, joriy yil 20 tonna hosil olish niyatida. Bu 250 million so‘m sof daromad demak. E’tiborlisi, oilaning to‘rt nafar a’zosi ish bilan band. 

*** 

Endilikda Mingbuloq tumanining chekka hududlarida ham jismoniy tarbiya va sport infratuzilmasi rivojlanmoqda. Xususan, Yoshlik mahallasi hududida 15×30 o‘lchamli zamonaviy kurash zali barpo etilmoqda. Shuningdek, sun’iy qoplamali futbol maydoni yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. 

Ushbu bunyodkorlik ishlari “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida bajarilib, futbol maydonining kapital ta’miri esa tuman hokimi tashabbusi bilan olib borildi. Oybek mahallasida joylashgan markaziy o‘yingohda ham o‘zgarishlar katta. Maydon zamonaviy tungi yoritish chiroqlari bilan jihozlanmoqda. Qolaversa, qo‘shimcha mini stadion qurish, eskirgan suv havzasi o‘rniga, zamonaviy basseyn barpo etishga kirishilgan. 

Umuman olganda, Mingbuloqda sportni yanada ommalashtirish va yoshlarni professional sportga oshno etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishdek xayrli ishlarga 3,5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirilmoqda. 

*** 

Kosonsoy tumanidagi 4-son bolalar musiqa va san’at maktabi direktorining o‘quv-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Shahnoza Sodiqova respublika miqyosida e’tirofga sazovor bo‘ldi. Muallima yurtimizdagi 326 ta san’at maktabi orasida “Eng namunali o‘quv-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari” sifatida tan olinib, Madaniyat vazirligining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida 4-son bolalar musiqa va san’at maktabida amaliy san’at turlarini rivojlantirish bo‘yicha respublika seminari o‘tkazilgan, unda muassasa faoliyati butun mamlakatimiz miqyosida namuna sifatida taqdim etilgan. 

***

Norin tumanida kichik sanoat zonalari faoliyatini kuchaytirish, imkoniyatlarni to‘laqonli ishga solish va shu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish choralari ko‘rilmoqda. 

Masalan, Bobur mahallasida joylashgan “O‘zbekiston” kichik sanoat zonasida “Haqqulobod profnastil invest” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan tashkil etilgan umumiy qiymati ikki milliard so‘mlik temir va tunika mahsulotlari ishlab chiqarish sexi ishga tushirildi. Buning natijasida, yangi korxonada 6 ta yangi ish o‘rni paydo bo‘ldi. 

Hozirda “Mehim 2022” mas’uliyati cheklangan jamiyat hamda “Akfa” brendi bilan hamkorlikda alyumin va polimer eshik, romlar ishlab chiqarish, ulaning aksessuarlarini yetkazib berish loyihasi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularda sakkiz kishi doimiy ish bilan ta’minlangan.

*** 

Namangan shahrida tekstil yo‘nalishidagi korxonalar salmog‘i ortib, viloyat yalpi ichki mahsulotida sezilarli ulushga ega bo‘lib bormoqda. Barkamol avlod mahallasida joylashgan “Barkamol avlod” yoshlar va tadbirkorlik kichik sanoat zonasida faoliyat yuritib kelayotgan “Balans tex” mas’uliyati cheklangan jamiyat eksport salohiyati yuksalib borayotgan biznes sub’ektlaridan biri hisoblanadi. 

Zamonaviy texnologiyalar asosida ish olib borayotgan mazkur jamiyatda bugungi kunda o‘n turdagi qishki kiyim-bosh mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Bunda sifat va dizaynga alohida e’tibor qaratilayotgani xaridorligini ta’minlamoqda. 

Mahsulotlar ichki bozorga yetkazilishi bilan bir qatorda, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasiga ham eksport qilinmoqda. Maydoni 45 sotixni tashkil etuvchi korxonada 85 nafar fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘lib, ularning bandligi va daromad manbai ta’minlangan. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.