Fuqarolarga qulay ziyorat turizmi xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida “Fly Khiva” aviakompaniyasi Namangan viloyatidan Saudiya Arabistoniga ilk havo parvozini amalga oshirdi.
Xususiy kompaniyaga tegishli “Boeing 757” rusumli samolyot ilk bor Namangan xalqaro aeroportiga qo‘ndi. O‘tkazilgan tantanali marosimda Namangan – Madina yo‘nalishidagi ilk reysga rasmiy start berildi. Havo kemasida bo‘lgan 224 nafar yo‘lovchi muborak shaharga uchib ketdi.


***
Norin tumanida yashovchi 85 yoshli fuqaro Dilbarxon Mamajonova “Mahalla-adliya” elektron platformasi orqali tuman adliya bo‘limiga murojaat yo‘llab, 1940 yil 10 fevralda tavallud topgan bo‘lsada, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi yo‘qligi, hozirda sog‘ligi holatiga ko‘ra, yura olmayotganligi sababli, ushbu hujjatni olishda yordam berilishni so‘ragan.
Onaxonning muammosini hal etish maqsadida, murojaat joyiga chiqqan holda o‘rganilib, fuqaroning tug‘ilganligiga doir hujjatlar to‘plandi va Dilbarxon ayaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma rasmiylashtirilib, yashash manziliga yetkazib berilishi ta’minladi.


***
Davlatobod tumanida “By Bonali” brendi ostida yangi yarim tayyor mahsulotlar do‘koni faoliyat boshladi. Ushbu do‘konda shirinliklar, xamir mahsulotlari, chuchvara, qiyma, kovatokki kabi oziq-ovqat mahsulotlari yarim tayyor holatda tayyorlanib, xaridorlarga taklif etilmoqda.
Yosh tadbirkor Dilrabo Fayziyeva tashabbuskorligi va mehnati bilan mazkur loyihani amalga oshirdi. U tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali o‘n nafar yosh qiz uchun ish o‘rni yaratdi.


***
Chortoq tumanidagi Qoramurt mahallasining birdamligi obod manzillarda namoyon bo‘lmoqda. MFY raisi boshchiligidagi hamjihat bo‘lib, “Tashabbusli byudjet” dasturida qatnashib, ko‘chalarni asfaltlashga yo‘naltirilgan 1 milliard 174 million so‘m yutib oldi. Endilikda mahalladagi 3,7 kilometr ko‘cha asfalt bo‘ladi.


***
Namangan viloyati sanoatida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Runam-teks” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxonaning ikkinchi navbati ishga tushdi.
“Yoshlar” kichik sanoat zonasida joylashgan yangi korxona bir gektar maydonni egallagan, yiliga 1 million 200 ming tonna, 10 million dollarlik qiymatdagi trikotaj mahsulotlari Yevropa davlatlariga eksport qilinadi.
700 ishchi kuchiga ega bo‘lgan korxonada zamonaviy andozadagi mahsulotlarning sifati va ko‘rinishi jahon bozorida xaridorgir bo‘lib bormoqda. Birgina shu yilning o‘zida 3 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.


2 million dollar xorijiy sarmoya kiritilgan yangi korxonada 8 ming tonna trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Muhimi, yana 200 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA