Rossiya Federatsiyasi Sankt-Peterburg shahridagi Milliy tibbiyot tadqiqot markazining endovaskulyar xirurgi, tibbiyot fanlari nomzodi Narek Marukyan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filialida bir necha murakkab texnologik amaliyotlarni bajardi.
Mehmonga filial xirurglari yordamlashishdi, uning qimmatli tajribalarini yonma-yon turib o‘rganishdi. Birinchi kuni sakkiz nafar, ertasiga esa 12 nafar bemor operatsiya stoliga yotqizildi. Demak, rossiyalik mutaxassisning shifobaxsh qo‘llari tufayli 20 kishining og‘ir ahvoli yengillashtirildi.
Filial direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Solijon Mo‘minovning aytishicha, markazlararo hamkorlikni tobora mustahkamlash maqsadida ish olib borilmoqda. Natijada aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat xalqqa yaqinlashtirilyapti, inson tanasini kesmasdan yuqori texnologiyali, g‘oyat murakkab amaliyotlar o‘tkazish ta’minlanmoqda.


***
Yangi Namangan tumanidagi Mingchinor mahallasida yashovchi bolalikdan birinchi guruh nogironi Hasanboy Ma’rufxonov mustaqil ravishda harakatlana olmaydi. Tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazi direktori uning holidan xabar olgani bordi.
Aholini ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish borasidagi salmoqli ishlar doirasida elektron aravachalarning topshirilishi ko‘plab imkoniyati cheklangan shaxslarni quvontirmoqda.
Hasanboy ham yangi “yordamchi”sidan juda xursand bo‘ldi. Endilikda u o‘z orzulari yo‘lidagi harakatlarini elektron aravacha bilan bemalol amalga oshira oladi.


***
Davlatobod tumanidagi Bog‘ mahallasi hokim yordamchisi Nurillo Jamoliddinov tomonidan mahalladagi 70 nafar keksa Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Madaniyat va istirohat bog‘ida davom etayotgan xalqaro gullar festivaliga sayohatga olib borildi.
Otaxonu onaxonlar dastlab bog‘da gullardan bezalgan dekoratsiyalarni ko‘zdan kechirishdi. Shundan so‘ng, issiq kunda jonning oromi bo‘lgan salqin ichimlik va muzqaymoqdan tanovul qildilar.
– Garchi kichik qamrovdagi tadbir bo‘lsa-da, biz mahalladagi nuroniylarga madaniy hordiq chiqarishlariga ko‘maklashish asnosida, ular doimo e’zoz va e’tiborda ekanligini amalda ko‘rsatib berishga harakat qildik, – deydi hokim yordamchisi. – Bu kabi tadbirlar yana davom ettiriladi.


***
Namangan viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Umidjon Qodirov Uchqo‘rg‘on tumanida barpo etilayotgan, O‘zbekiston va Qirg‘izistonni bog‘lovchi chegara bojxona postida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Boshqarma boshlig‘i post qurilishi bilan tanishuv jarayonida pudrat tashkiloti tomonidan ishlarni jadallashtirish, qurilish sifatiga alohida e’tibor qaratish lozimligi bo‘yicha bir qator tavsiyalar berdi.
Shuningdek, qurilish jarayonda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf qilish hamda topshiriqlar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Mazkur chegara bojxona postining ochilishi Namangan viloyati va Uchqo‘rg‘on tumani aholisi uchun katta qulayliklar yaratibgina qolmay, logistika, xizmat ko‘rsatish sohalarining takomillashtirilishiga ham xizmat qiladi.
“Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona posti shu yilning sentyabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.


***
Bedanachilik Norin tumanida tez ommalashayotgan tadbirkorlikning istiqbolli sohalaridan biriga aylanmoqda. Bedana boqib daromad olayotgan xonadonlar soni Sirmoq, Katta Oqtovliq, Mustaqillikning 20 yilligi mahallalarida ko‘plab topiladi.
Sirmoq mahallasida yashovchi Qobuljon Qo‘chqorov 2023 yili qiziqish uchun 1,5 ming bosh bedana boqishga kirishgandi. Bugunga kelib, ularning soni 10 ming boshga yetdi. Shu vaqt oralig‘ida u 200 million so‘m daromad ko‘rdi.
Tadbirkorning aytishicha, kuniga 7-8 mingta tuxum yig‘ib olishadi. Donasi 500 so‘mdan, daromad ham shunga yarasha mo‘may. Bundan tashqari, “inkubatoriy”da bedana ochirib, xaridorlarga yetkazadi.
Endi tinib-tinchimagan tadbirkor g‘oyat parhezbop, vitaminlarga boy bedana go‘shti ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqchi. Chunki bedana polaponi 35-40 kunda yetiladi va bemalol go‘sht sifatida foydalanish mumkin.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri