Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
09:56 / 2023-07-25

Namangan muhandislik-qurilish instituti sport zalida sportning voleybol turi bo‘yicha Ichki ishlar vaziri kubogi musobaqasining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Musobaqada 17 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il va qizlardan iborat, viloyat, shahar va tumanlarning 13 jamoasi g‘oliblik uchun bellashdi. Ko‘tarinki ruhda o‘tgan bellashuvlarda o‘g‘il bolalar o‘rtasida Mingbuloq tumani jamoasi g‘olib bo‘ldi. Yangiqo‘rg‘on tumani jamoasi shaharliklar bilan birga sovrindorlar safidan o‘rin egalladi. 

Qizlar o‘rtasidagi o‘yinlar ham g‘oyat murosasiz kechdi. Namangan viloyati sharafini respublika va xalqaro musobaqalarda munosib tarzda himoya qilib keladigan yangiqo‘rg‘onlik voleybolchi qizlar hal qiluvchi bahsda Uychi tumani jamoasini 2:0 hisobida yengdi. Uchinchi o‘rin uchun o‘tkazilgan belashuvda Namangan shahri vakillarini ikkala partiyada ham ortda qoldirgan Namangan tumani jamoasi g‘oliblik shohsupasidan joy oldi. 

G‘oliblar viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan munosib taqdirlandi. Viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egallagan ikki jamoa endilikda vazir kubogi uchun kurashni vodiy viloyatlari vakillari ishtirokidagi hududiy bosqichda davom ettiradi. 

***

Taniqli murabbiy Viktor Jalilov xotirasiga bag‘ishlab Namanganda bolalar o‘rtasida futbol bo‘yicha o‘tkazilgan “Hokim kubogi – 2023” musobaqasi yakuniga yetdi. 

Namangan futbol akademiyasiga yangi o‘quv yili qabuliga o‘ziga xos sinov vazifasini o‘tagan mazkur turnirda 2012 va 2013 yillarda tug‘ilgan yosh iqtidorlardan shakllangan, viloyatning barcha shahar va tumanlaridan jami 19 jamoa g‘oliblik uchun maydonga chiqdi. 

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida so‘z olganlar o‘zbek futboliga katta hissa qo‘shgan, 1996 yilda “Navbahor” jamoasini mamlakat chempionligi shohsupasiga olib chiqqan tajribali murabbiy Viktor Jalilov amalga oshirgan ezgu ishlarni yod etdi. 

Final uchrashuviga yetib kelgan “Zarafshon” jamoasi To‘raqo‘rg‘on tumani sport maktabi jamoasini 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, turnir g‘olibligini qo‘lga kiritdi. To‘raqo‘rg‘onliklar esa ikkinchi o‘rin bilan kifoyalandi. Faxrli uchinchi o‘rin “Chust” va “Odil junior FA” jamoalariga nasib etdi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.