Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
19:09 / 2022-11-10

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani “Oqtovliq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tibbiyot punkti ish boshladi.

Barcha qulayliklarga ega bo‘lgan mo‘’jazgina maskanda bir nafar oila shifokori hamda besh nafar patronaj hamshira fuqarolarga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Tibbiyot punktida bemorlarni ko‘ruvi, muolajalar uchun alohida jihozlangan xonalar mavjud. Darvoqe, oqtovliqlardan 472 nafari turli kasalliklar bilan dispanser nazoratida turadi.

Prezidentimizning 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida “Bir nuroniyga o‘n nafar yosh” biriktirish orqali navqiron avlod vakillari bilan samarali ishlash belgilangan.  

 Chust tumanidagi mahallalarda ham mazkur yo‘nalishda  muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu hududlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda yoshlar ma’naviyatini o‘stirishda o‘z samarasini berayotir. Tumandagi G‘ova qishlog‘ida joylashgan madaniyat markazida Tinchlik, G‘ovasoy sohili, Varzigon, Yangihayot va Yuqori mahallalarining nuroniylar jamoatchilik kengashlari raislari, faol faxriylar hamda ko‘cha boshchilari ishtirokida davlatimiz rahbari qarori ijrosi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda yoshlar ta’lim-tarbiyasida alohida o‘rnak ko‘rsatganlar e’tirof etildi.  

Respublika Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi mas’ul xodimi Gulnora Yo‘lchiyeva tinchlik-osoyishtalikning naqadar bebaho ekanligini yoshlarga to‘laqonli tushuntirishda mahallalarning faol nuroniylari munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidladi. Bir guruh zahmatkash nuroniylar va ko‘cha boshilarga vazirlik tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.  

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 maydagi “Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 1 noyabrdan 30 noyabrga qadar “Keksalar uchun turizm oyligi”ni o‘tkazish an’anaga aylangan.  

Viloyat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, viloyat Nuroniylar jamoatchilik kengashi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan bu borada bir qator tur-sayohatlar tashkil etilmoqda.  

Namangan tumani hokimligining amaliy ko‘magida o‘zining uzoq yillik samarali mehnati va fidoyiligi bilan Vatanimiz ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shgan mehnat faxriylari, keksa mo‘ysafidlar uchun Farg‘ona viloyatining tarixiy qadamjolari va diqqatga sazovor joylari bo‘ylab sayohat uyushtirildi. Bu kabi xayrli tadbirlar ayni vaqtda viloyatning barcha shahar va tumanlarida davom ettirilmoqda.

Norin tumanida 15 ga yaqin oilalar, O‘zbekiston Musulmonlari idorasining tumandagi vakili, imom-xatiblar, otinoyilar, ichki ishlar bo‘limi mutasaddilari, psixologlar va mahallalardagi “Oqila ayollar” harakati a’zolari ishtirokida tadbir o‘tkazildi.  

Unda oila muqaddas dargohligi ta’kidlanib, ajralish yoqasida turgan oilalarning muammolar atroflicha muhokama etildi. O‘tkazilgan muhokama jarayonlarida o‘z xatosini  tushunib yetgan 10 ta oila yarashtirildi. Yana uchta oilaga  munosabatlarini qayta tiklash uchun muddat berildi.  

 Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.