Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
18:43 / 2022-08-05

Namanganda "Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasidagi loyiha amalga oshiriladi. Rossiya Federatsiyasining yirik kompaniyalaridan biri Namangan viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasidagi loyihalarini taqdim etdi.

Muzokaralarda Namangan viloyatida transportlar oqimini nazorat qilish, yo‘llardagi tirbandlikni kamaytirish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash kabi qator qulayliklarni o‘z ichiga olgan loyihalar atroflicha muhokama qilindi.

Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov uchrashuvda ishtirok etgan soha mutasaddilariga mazkur loyihalarni Namangan shahrining eng gavjum joylari, xususan “Chorsu” dahasi, Alisher Navoiy ko‘chasidan boshlash kerakligi, tegishli mutaxassislar bilan birgalikda joyida ko‘rib chiqish va ikki tomon uchun samarali yechimlarni topish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

*****

Namanganda Adliya vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Adliya ayoli” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tanlov viloyat adliya boshqarmasi va uning tuman, shahar bo‘limlarida faoliyat olib borayotgan ayollarning keng dunyoqarashi va huquqiy bilimlarini yana bir karra sinovdan o‘tkazdi. Tanlovda ayollar uch shart bo‘yicha bahslashdi.

Tanlov jarayonida xodimlarning kasbiga bo‘lgan sadoqati, bekalik mahorati amaliy tarzda sinovdan o‘tkazildi. Test sinovlarida ishtirokchilar mehnat faoliyatiga oid savollarga javob berdi. Qonunchilikka bergan takliflar hakamlar hay’ati tomonidan e’tirof etildi. Shundan so‘ng uchinchi shartda xotin-qizlarning oshpazlik mahoratiga baho berildi.

Tanlov so‘nggida barcha shartlarda munosib ishtirok etib, o‘zining bilim va salohiyatini namoyon etgan ilg‘orlar saralab olindi. Natijalarga ko‘ra, Namangan viloyati Adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Naima Yodgorova g‘olib chiqib, tanlovning Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Uychi tumani Davlat xizmatlari markazi aloqa operatori Shodiya Turg‘unova ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, To‘raqo‘rg‘on tumani adliya bo‘lim boshlig‘i Farog‘at Razzaqova uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.

Tanlov ishtirokchilari va g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.