Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
11:26 / 2022-03-01

Mahallada ko‘chma kutubxona

Norin tumanidagi prokuror mas’ul ikkinchi sektor hududida joylashgan Bo‘ritepa mahallasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limi va axborot-kutubxona markazi hamkorligida amalga oshirilgan “Ko‘chma kutubxona” loyihasi yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish, aholi, ayniqsa uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratildi.

Loyiha davomida kitobxonlar uchun 33 dan ortiq nomdagi o‘zbek, jahon va bolalar adabiyoti durdonalaridan iborat kitoblar jamlanmasi mutolaa qilish uchun berildi.

Sayyor qabul: muammolarga yechim topildi

Yangi Namangan tumanida viloyat prokurori Bektosh Soyipovning ilk sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi.

Tuman sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari qatnashgan qabulda fuqarolardan 48 ta masala o‘rtaga tashlandi. Ishga joylashtirish, tibbiy yordam olish, farzandini bog‘chaga joylash, suyultirilgan gaz balloni olish, kontrakt pulini to‘lashda ko‘maklashish, moddiy yordam, aliment undirish, ichimlik suvi va elektr ta’minoti bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar ana shular jumlasidan.

Har bir masala atroflicha o‘rganib chiqildi. Natijada, 16 ta murojaat joyida hal etildi. Qolgan masalalar yuzasidan esa tegishli idoralarga muddatlar belgilanib, topshiriqlar berildi.

Deputat tashabbusi: chorrahaga svetofor o‘rnatildi

Xalq deputatlari Uychi tumani Kengashi deputati, “Milliy tiklanish” partiyasi faoli Tojixon Oxunova o‘tgan yili yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan tegishli mutasaddilarga so‘rov kiritgan edi.

Deputatlik so‘roviga amaliy javob berildi, xalq noibi murojaatchi saylovchilari oldida berilgan va’dani bajardi. “20-Qumtepa” saylov okrugi hududidagi uchta tumanni bir-biriga bog‘lab turuvchi chorrahada svetofor yo‘qligi sabab, juda ko‘p ko‘ngilsizliklar, avariyalar ko‘payib ketgandi.

Nihoyat, deputatning aralashuvi bilan mazkur chorrahaga svetofor o‘rnatildi.

Buramatut ishsizlikdan holi, farovon mahalla bo‘ladi

To‘raqo‘rg‘ondagi Buramatut mahallasida tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, “Mahalla” fondi tomonidan tomorqadan foydalanish, aholi daromadlarini oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etish mavzusida seminar o‘tkazildi.

Buramatutliklar mehnatkash xalq. Giloschilikni rivojlantirish bo‘yicha tajribalari ommalashgan. Bu hudud ishsizlikdan holi, eng farovon mahallalardan biriga aylanishi zarur. 
2 ming 693 kishi istiqomat qilayotgan mahalla aholisi orasida sanoqligina ishsizlar bor. Seminar davomida issiqxonadan unumli foydalanayotgan Mirzohid Raupov, Sodiqjon Mamajonov, ko‘chatchi Ikromjon Bobojonovning xonadonlaridagi ibratga loyiq harakatlar bilan tanishildi.

“Kelajak liderlari” mahallada

Namanganda Prezident huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali tomonidan tashkil etilgan "Kelajak liderlari" klubi a’zolarining besh nafari ayni paytda mahallalarda hokim yordamchisi lavozimida, bir nafari esa mahalladagi yoshlar yetakchisi vazifalarida faoliyat yuritmoqda.

Yaqinda klub a’zolarining tashabbusi bilan Davlatobod tumanidagi Orzu mahallasida Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi hamkorligida "Kelajak liderlari" mahalla yoshlari bilan birga!” mavzuida amaliy seminar tashkil etildi. 
Ushbu seminarda, mahallalarda faoliyat yuritayotgan 26 nafar yoshlar yetakchisiga liderlar tomonidan "Tengdosh-tengdoshga" tamoyili asosida uslubiy yordam berildi.

Seminar doirasida mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlarini tashkillashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi. Yurish marafoni, mini futbol, arqon tortish, stol tennisi, shaxmat va shashka, kamondan o‘q otish, armrestling kabi turli musobaqalar, bolalar o‘rtasida asfaltga rasm chizish, varrak uchirish tanlovlari o‘tkazildi.

Yosh liderlar bilan tuman mahallalaridagi yoshlar yetakchilari o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro kelishib olindi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA