Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
09:37 / 2021-11-30

Tojikiston elchisi Namanganga keldi

Namanganda viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston tojik milliy madaniy markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda va Tojikistonning Asht tumani hokimi Zarif Mirdado tashrif buyurdi.

Mehmonlar tashrif davomida Chust tumanida joylashgan Mavlono Lutfulloh nomidagi istirohat bog‘i, “Bibi ona” ziyoratgohlarida bo‘ldi.

Chustning tog‘u adirlarga tutash manzili – Varzik qishlog‘idagi madaniyat saroyida madaniy-ma’rifiy, badiiy-musiqiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

“Afg‘on shamoli” asari rus tiliga tarjima qilindi

Taniqli adib, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Isoqjon Nishonov qalamiga mansub, insoniyatning xalqaro terrorizmga qarshi olib borayotgan kurashii, g‘oyalar to‘qnashuvlari, adolat va haqiqat tantanasi, xalqimizning mardligi haqida so‘zlovchi “Afg‘on shamoli” roman-seriali millionlab o‘quvchilar e’tirofiga sazovor bo‘lgandi.

Adabiyot ixlosmandlarining sevimli asarini 2013 yilda taniqli olim va tarjimon Zohidjon Sodiqov katta mahorat bilan nemis tiliga o‘girgan hamda ushbu kitob Germaniyaning eng nufuzli "Deutscher Buecheri" kutubxonasidan o‘rin olgan edi.

Yaqinda esa “Afg‘on shamoli” roman-serialining birinchi, ikkinchi va uchinchi kitoblari  O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, xalqaro Pushkin mukofotining sovrindori, professor Qodirjon Nosirov tomonidan rus tiliga tarjima qilinib, buyurtma asosida nashr etildi.

Qo‘shma ta’lim markazi yangi binoda

Namangan muhandislik-texnologiya institutining o‘quv binolari soni yana bittaga ko‘paydi. Qariyb 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ evaziga qayta ta’mirlangan va jihozlangan ushbu o‘quv binosi bir vaqtning o‘zida 700 nafardan ziyod talabani o‘z bag‘riga oladi.

Mazkur zamonaviy bino 45 ta zamonaviy axborot texnologiya vositalari bilan ta’minlangan “IT-park”, 13 mingdan ortiq o‘quv, ilmiy, siyosiy va badiiy adabiyotlar bilan to‘ldirilgan axborot-kutubxona markazi, zamonaviy laboratoriya xonalari hamda o‘quv auditoriyalarini o‘zida jamlagan.

Yangi o‘quv binosida institutning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari texnologiyasi fakulteti va “Belarus-O‘zbekiston” qo‘shma ta’lim markazi ham joylashdi.

Talabalar uchun turar-joy foydalanishga topshirildi

Uychi tumanida joylashgan, Namangan muhandislik-qurilish instituti muhandislik-kommunikatsiya fakultetining talabalar turar-joyi 200 kishiga mo‘ljallangan. Bu yerda yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, maroqli dam olishi va darslarni tayyorlash uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.

Sanitariya-gigiyena xonalari, tibbiyot xonasi, oshxona to‘liq ta’mirlandi. Muzlatgich, kir yuvish mashinalari, elektr plitalar va televizorlar joylashtirildi.

Bunday xayrli ishlarni amalga oshirish uchun Respublika Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining jamg‘armasi tomonidan  800 million so‘m mablag‘ sarflandi.

Madaniyat, sport va turizm fidoyilari taqdirlandi

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi qoshidagi Madaniyat, sport va turizm hodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tashkil etilganining bir yilligi munosabati bilan madaniy tadbir tashkil etildi.

Unda viloyatdagi madaniyat, ommaviy axborot vositalari, sport va turizm sohalarida o‘zining uzoq yillik mehnatlari bilan yurt taraqqiyoti, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish, bu borada kasaba uyushmalari faoliyatini rivojlantirish, jamoatchilik ishlarini tashkil etishda alohida jonbozlik ko‘rsatayotgan soha fidoyilari va bir qator hamkor tashkilotlar vakillari munosib rag‘batlantirildi.

Ma’lum qilinishicha, ishchi-xodimlarning 292 nafariga 58 million 240 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. 62 kishiga esa sihatgohlarga 47 million so‘mlik yo‘llanmalar berildi.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA