Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
10:34 / 2021-01-14

Yangiqo‘rg‘onda ochilgan trikotaj korxonasida 300 ga yaqin kishi ishli bo‘ldi

Yangiqo‘rg‘on tumanida tashkil etilgan Yoshlar festivali doirasida Beshbuloq mahallasi hududida “Madina Shoxruh tekstil” trikotaj korxonasi foydalanishga topshirildi. Mazkur loyihani amalga oshirilishi natijasida 300 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Shu jumladan, 130 nafar yoshlar hamda “Temir daftar"ga kirgan 50 kishining bandligi ta’minlandi. Bu “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash” yilining maqsad-vazifalariga hamohang kelishi bilan e’tiborlidir.

Qayd etish joiz, korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 2,5 million dona tayyor trikotaj mahsulotlarini tashkil etadi. 

Xususiy tibbiyot chekka hududlarni ham qamrab olmoqda

Namangan viloyatida xususiy tibbiyot muassasalari soni ortib bormoqda. Bu esa xalqimiz salomatligini himoya qilish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar natijasini aks ettiradi. Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Vodiy mahallasida qad rostlagan “Yan Med Diagnostika” diagnostika va davolash markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi ham buning yaqqol misolidir.

Mazkur shifo maskanini barpo etishda 6 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, Xitoydan 2 milliard so‘mlik zamonaviy tibbiyot jihozlari olib kelindi. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 70 nafar bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud.

Xususiy tibbiy muassasa ishga tushishi natijasida 50 nafardan ortiq fuqaro, shu jumladan, 35 nafar ayol va 15 nafar yoshlar ishli bo‘ldi. Tibbiyot markazida ginekologiya, urologiya, kardiologiya hamda quloq, tomoq va burun kasalliklarini davolash hamda klinik bioximiya-laboratoriya amaliyotlari amalga oshiriladi.

Korxonada tayyorlanayotgan mahsulotlar, ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishgan Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov chekka hududlarda bunday korxonalar ochilishi birinchi galda uyushmagan, ya’ni aniq mashg‘ulot turiga ega bo‘lmagan yosh o‘g‘il-qizlar bandligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. 

Darhaqiqat, tayyor ish o‘rni va raqobatbardosh maosh ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi, chetga ish izlab ketishga ham hojat qolmaydi. 

Namangan shahar hokimi Olimjon Isayev hamda Yaponiyaning "Yamato IT" kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan amaliy muloqotda viloyat markazida zamonaviy axborot texnologiyalari maktabi yaratish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida yoshlarni IT sohasidagi bilimlarini Yaponiya tizimida to‘plangan tajribalar asosida oshirish, o‘quv kursi yakunlangach ularni ishga joylashtirish, frilanserlik xizmatlarini tashkil etish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, istiqbolda davlat-xususiy sherikchiligi asosida yapon maktabi ochish yuzasidan muzokara olib borildi.

2021 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra Namangan viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan oilaviy korxonalarning soni 1002 tani tashkil etmoqda. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 469 taga ko‘pdir.

Hududlar kesimida faoliyat ko‘rsatayotgan oilaviy korxonalarning soni quyidagichani tashkil etmoqda:

Namangan shahri – 238 ta

Mingbuloq tumani – 16 ta 

Kosonsoy tumani – 54 ta

Namangan tumani – 122 ta

Norin tumani –26 ta

Pop tumani –16 ta

To‘raqo‘rg‘on tumani – 157 ta

Uychi tumani – 57 ta

Uchqo‘rg‘on tumani – 85 ta

Chortoq tumani – 65 ta

Chust tumani – 47 ta

Yangiqo‘rg‘on tumani – 85 tani tashkil etdi.

 Viloyat statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshiga faoliyat ko‘rsatayotgan oilaviy korxonalar soni 968 tani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 445 taga ko‘paygan.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA