Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan viloyati hokimi chempionlarning ota-onalarini tabrikladi
11:02 / 2024-09-09

Fransiyaning Parij shahrida boʻlib oʻtgan XVII yozgi Paralimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston sport delegatsiyasi olamshumul yutuqlari bilan xalqimizga xursandchilik ulashdi.

Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov mazkur nufuzli musobaqada yuqori natijalarga erishgan namanganlik sportchilar – Nurxon Qurbonova, Tolibboy Yoʻldoshev va Kumushxon Xoʻjayevaning xonadoniga borib, ularning ota-onalari va yaqinlarini yoʻqladi.

Paralimpiya oʻyinlarida para dzyudo boʻyicha ayollar oʻrtasida “J2” klassida 57 kilogramm vazn toifasida finalgacha boʻlgan janglarni gʻalaba bilan yakunlab, kumush medalga sazovor boʻlgan Kumushxon Xoʻjayeva Namangan Olimpiya zaxiralari kolleji hamda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetini tamomlagan. U sportdagi qator muvaffaqiyatlari uchun 2015-yilda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Viloyat rahbari Kumushxonning jahon arenasidagi yuksak muvaffaqiyati bilan ota-onasi Saydullo Xoʻjayev va Qunduzxon Xoʻjayevani tabriklab, shunday matonatli sportchini tarbiyalagani uchun minnatdorlik bildirdi. Ularga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Shu kunlarda Mingbuloq tumanining Madaniyat mahallasida ham bayramona kayfiyat hukmron. Paralimpiya oʻyinlarida para yengil atletika boʻyicha oltin medalni qoʻlga kiritgan Nurxon Qurbonovaning xonadoniga uzoq-yaqindan kelayotgan mehmonlar qatorida viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ham tashrif buyurib, chempionning onasi Dilfuza Bozorova va bobosi Mirzakarim otani chin dildan muborakbod etdi.

Nurxon Qurbonova Paralimpiya oʻyinlarida unga bildirilgan yuksak ishonchni aʼlo darajada oqlashga muvaffaq boʻldi. U para yengil atletika boʻyicha ayollar oʻrtasida “F54” klassida nayza uloqtirish dasturida 21,12 metr natija qayd etib, dunyo rekordini yangiladi va oltin medalni qoʻlga kiritdi.

Darvoqe, “F54” klassida nayza uloqtirish boʻyicha amaldagi jahon rekordi ham aynan Nurxonga tegishli edi. Namangan viloyati vakilasi shu yil Yaponiyada boʻlgan jahon chempionatida 20,73 metr natija bilan jahon rekordini yangilashga muvaffaq boʻlgandi.

Chust tumani Hisorak mahallasi Yangi hayot koʻchasida ham chinakamiga bayram shukuhi kezib yuribdi. Boisi, 21 yoshli Tolibboy Yoʻldoshev Paralimpiya oʻyinlarida para yengil atletika boʻyicha chempionlikni qoʻlga kiritdi.

Mazkur xonadonni yoʻqlagan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov Tojiboy Neʼmatullayev va Nodira Neʼmatullayevani farzandlari erishgan tarixiy gʻalaba bilan tabriklab, ezgu tilaklarini bildirdi. Ular bilan tuman faollari va nuroniylari hamrohligida dildan suhbatlashdi. Shu joyning oʻzida chempion bilan telefon orqali muloqot qilib, ulkan yutuqlar bilan Tolibboyni ham qizgʻin qutladi.

Darhaqiqat, Tolibboy Yoʻldoshevning hayotida “Parij-2024” Paralimpiya oʻyinlari unutilmas taassurotlar bilan yodda qoladigan boʻldi. Chustlik xalqaro toifadagi sport ustasi nufuzli turnirning “F37” klassida disk uloqtirishda 57,28 metr natija bilan oltin medalga muyassar boʻldi. Oʻzbekiston bayrogʻini jahon arenasida baland hilpiratgan muzaffar sportimiz gʻalabasidan bir necha kun avval yadroni 15,24 metrga uloqtirib, bronza medalini qoʻlga kiritgandi.

Taʼkidlash darkor, XVII yozgi Paralimpiya oʻyinlarida Vatanimiz shaʼnini munosib himoya qilgan Namangan viloyati sportchilari 2 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi. Bu, oʻz navbatida, viloyatda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sportchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, xususan, nogironligi mavjud sportchilarni ijtimoiy muhofaza qilish borasida olib borilgan saʼy-harakatlarning samarasidir.

Oqilxon Dadaboyev,

OʻzA muxbiri