Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan viloyati hokimi afv etilganlar bilan muloqot qildi
15:16 / 2022-02-09

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq avf etilganlar orasida Namangan viloyatidan besh nafar fuqaro ham bor.

Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi sektorlar rahbarlari va tegishli huquqni muhofaza qilish idoralari mutasaddilari afv etilgan fuqarolar bilan uchrashdi. Sobiq mahkumlar bilan alohida muloqot o‘tkazildi.

Muloqotda afv etilgan fuqarolarning jamiyatga moslashuvi, ijtimoiy muhofazasi, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash kabi muhim masalalar xususida so‘z yuritildi.

[gallery-5697]

Afv etilgan kishilarga bundan buyon xalqimiz va Prezidentimizning ishonchini oqlab, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlarning faol ishtirokchisi bo‘lishi kerakligi uqtirildi.

Elimizga xos ezgulik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat va kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi bo‘lgan afv haqidagi hujjat natijasida jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan hamyurtlarimizning o‘z oilalari, yaqinlari bag‘riga qaytishi ota-onalari, ayollari, farzandlari ko‘nglini shodlikka to‘ldirdi.

– Kosibchilik hunari bilan ro‘zg‘or tebratayotgandim, – deydi Namangan shahrining Farovon mahallasida yashovchi Sultonbek Muhiddinov. – Nimadir bo‘ldi-yu, adashdim. 2002 yil sentyabr oyida diniy ekstremizm oqimiga qo‘shilganim uchun uzoq muddatga qamalgandim. Salkam 20 yil o‘tirdim. Muddatim tugashiga yana besh yil bor edi. Avvaliga, uch yilga qisqardi, bugun esa shukrki, ozodlikka chiqdim. Panjara ortida xatolarimdan yetarli xulosa chiqardim. Hayotning naqadar takrorlanmas ne’mat ekanligi, Vatan, oila, ozodlik va sog‘inch tuyg‘ularini tushunib yetdim. Endi bunyodkorlik ishlariga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.

Uchrashuv yakunida afv etilgan fuqarolarga elektr pechlari berildi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA