Namangan viloyatida energiya resurslaridan 61 holatda noqonuniy foydalanilgani fosh etildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu holatlar bo‘yicha zarar 5 milliard 70 million so‘mni tashkil etgan.
Xususan, Chortoq tumanidagi “Ch.M.V.” MCHJda elektr hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatilishi sababli 1 milliard 683 million so‘mlik, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “S.S.M.” MCHJda esa o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanish natijasida davlat manfaatiga 319,9 million so‘m miqdorida zarar keltirilgan.
Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu noqonuniy holatlar joriy yilning 14-17 fevral kunlari Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Bosh prokuratura va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar, shuningdek, elektr hamda gaz ta’minoti korxonalari xodimlari bilan hamkorlikda Namangan viloyatida olib borilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA