Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan viloyati delegatsiyasi Rossiyada
17:34 / 2025-08-28

Ayni kunlarda Namangan viloyati tadbirkorlari hamda “Axsikent” arxeologiya parki vakillaridan iborat delegatsiya xizmat safari bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turibdi. Tashrif avvalida delegatsiya Rossiyaning Kurgan viloyati Kurgan shahrida bo‘ldi.

Bu tarixiy manzilda “Axsikent” arxeologik yodgorlik majmuasi rahbari Anvar Ikromov mazkur shaharda 10 yildan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan Musajon Hojimatov bilan uchrashuv o‘tkazdi. O‘zaro muzokaralar jarayonida Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on va Mingbuloq tumanlarini bog‘laydigan, uch Axsikentga yaqin hududda joylashgan Sirdaryo sohilida ekoturistik majmua barpo etish masalalari muhokama etildi. 

Tashrif davomida, Yekaterinburg shahrida O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Bosh konsulligi birinchi kotibi – konsul Samandar Yo‘ldoshev bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muloqotda qayd etilganidek, oxirgi yillarda Rossiyaning Sverdlovsk va O‘zbekistonning Namangan viloyatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ta’lim va madaniy-ijtimoiy aloqalar jadal rivojlanmoqda. Ikki hududning birodarlashuv ahdnomasi bu taraqqiyotda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Uchrashuvda turizm, tekstil va ta’lim sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. 2025 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan IV Xalqaro asal festivali, III Xalqaro chorva va parranda ko‘rgazmasi, 2026 yil fevral oyida o‘tkazilishi reja qilingan II Xalqaro avtofestivalga rossiyalik sayyohlar hamda sohaviy hamkorlarni jalb etish bo‘yicha ham amaliy qadam tashlandi. 

O‘zaro muzokaralar jarayonida Namangan viloyatining “Gian Bros Textile” kompaniyasi konsullik ko‘magida bir necha mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan fyuchers-shartnomalarini imzoladi. Tadbir yakunida, uch ming yillik tarixga ega Axsikent yodgorligi haqida hikoya qiluvchi, akademik Abdulhamid Anorboyev muallifligidagi kitob taqdimoti o‘tkazildi. 

Namangan viloyati delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasining Chuvashiya Respublikasiga ham tashrif buyurib, Iqtisodiy rivojlanish va mulkiy munosabatlar vazirligi mas’ullari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda turizm, tekstil va ijtimoiy sohada hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Namangan viloyati turizm salohiyati taqdimoti bo‘ldi. Vazirlik tashqi aloqalar sektori mudiri Tatyana Dmitriyeva hamda tashqi iqtisodiy va hududlararo aloqalar bo‘limi boshlig‘i Darya Soloveva hamrohligida Cheboksari shahri turizm maskanlari va tekstil korxonalari faoliyati bilan tanishildi.

O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulligi ko‘magida tashkil etilgan uchrashuvda Chuvashiyaning yetakchi tikuv fabrikasi direktori Natalya Mixaylova va Namanganning “Gian Bros Textile” kompaniyasi rahbari Ablulaziz Abdullajonov o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.