Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan va Xitoy: oliy ta’limdagi izchil hamkorlik
19:43 / 2025-11-07

Mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish, malakali, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashda xorijiy hamkorlik rishtalarining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

Namangan davlat universiteti rektori, tarix fanlari doktori, professor Abdug‘affor Qirg‘izboyev boshchiligidagi delegatsiya ham xorijiy ta’lim tizimi tajribasini o‘rganish hamda ilm-fan sohasida yangi istiqbolli yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida yaqinda Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib qaytdi.

Tashrif davomida bir qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlariga borgan delegatsiya vakillari professor-o‘qituvchilar hamda talabalar o‘rtasida o‘zaro akademik almashinuv dasturlarini joriy etish, qo‘shma ilmiy-innovatsion loyihalarni shakllantirish, xalqaro ilmiy fondlar va Xitoy tomonidan moliyalashtiriladigan grantlar doirasida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Dastlabki manzil – Changchun shahrida joylashgan Xitoy-Rossiya texnoparki bo‘lib, ushbu ilmiy innovatsion hududda tizimli tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va texnologik integratsiyani kuchaytirish borasidagi faoliyat bilan tanishtirildi. Texnopark direktori Li Yun Pin va mas’ul mutasaddilar bilan o‘tkazilgan muzokaralarda ta’lim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb etish yuzasidan hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Natijada, ikki tomonlama anglashuv memorandumi imzolandi.

Szilin shahridagi An’anaviy Xitoy tibbiyot universitetidagi uchrashuvlar ham g‘oyat qizg‘in o‘tib, unda oliygohning tarixiy rivoji, ta’lim dasturlari, zamonaviy laboratoriyalari va ilmiy markazlari faoliyati bilan tanishildi. Oliygoh prezidenti va mas’ul vakillar bilan o‘tkazilgan rasmiy muloqotda qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi va universitetga xorijiy sarmoyalarni jalb etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Muzokaralar yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi.

Safar dasturidan o‘rin olgan tashrif manzili Szilin qishloq xo‘jaligi universitetiga uyushtirilib, bu joyda agrar innovatsiyalar, agrobiologik tadqiqotlar va zamonaviy agrotexnologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha ilg‘or tajribalar ko‘zdan kechirildi. Uchrashuvda dorivor o‘simliklar yetishtirish, o‘simliklar biotexnologiyalari hamda agronomiya yo‘nalishida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilinib, istiqbolli rejalar belgilandi.

Taizhou universitetida ta’lim yo‘nalishlari, professor-o‘qituvchilar salohiyati, ilmiy maktablar va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar Namangan davlat universiteti delegatsiyasi uchun g‘oyat manfaatli kechdi. Unda xalqaro ilmiy-innovatsion loyihalar ustida hamkorlik, akademik almashinuv dasturlarini rivojlantirish, xorijiy grant yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. 

Umuman olganda, Xitoyga tashrif mobaynida erishilgan kelishuvlar, imzolangan anglashuv memorandumlari va belgilangan istiqbolli rejalar Namangan davlat universitetining xalqaro maydondagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Hamkorlik aloqalarining kengayishi qo‘shma ilmiy izlanishlar, innovatsion loyihalar, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, talabalar uchun esa xalqaro ta’lim tajribalarini o‘zlashtirish imkoniyatlarini yaratadi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.