Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan va Jalolobod birodarlashgan hududlarga aylandi
11:12 / 2021-03-31

Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod viloyati gubernatori Abdusattor Sirgabayev boshchiligidagi delegatsiyaning Namanganga amaliy tashrifi munosabati bilan viloyat hokimligida rasmiy qabul marosimi o‘tkazildi.

Uchrashuvda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, Jalolobod viloyati gubernatori Abdusattor Sirgabayev, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ibragim Junusov alohida qayd etganidek, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning joriy yil 11-12 mart kunlari mamlakatimizga tashrifi hamda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazgan muloqoti O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada ravnaq toptirish, ikki qardosh xalqning bundanda porloq kelajagiga mustahkam poydevor qo‘yish uchun yangi davrni boshlab berdi.

E’tirof etish lozimki, yetti tumani Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod viloyati bilan chegaradosh bo‘lgan Namangan viloyatida bugungi kunda 23 mingga yaqin qirg‘iz millatiga mansub fuqarolar yashamoqda. Yangiqo‘rg‘on, Kosonsoy va Chortoq tumanlaridagi qirg‘iz mahallalarida qardosh elning urf-odatlari yuksak qadrlab kelinmoqda. Bundan tashqari, viloyat Qirg‘iz milliy-madaniy markazi, uchta qirg‘iz maktabi va qirg‘iz ishbilarmonlari sarmoyasi ishtirokidagi to‘qqizta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod viloyatida ayni paytda 1 million 238 ming aholi istiqomat qilib, ularning 26 foizi o‘zbeklarni tashkil etadi. O‘zbek tiliga ixtisoslashgan 21 ta maktabda zarur sharoitlar yaratilgan. 3 ming nusxada o‘zbek tilida nashr etiladigan «Yangi tong» gazetasi tahririyati ham faoliyat yuritadi.

– Bir daryodan suv ichib, tarixi, madaniyati, urf-odatlari o‘zaro uyg‘unlashib ketgan, tili va dini bir bo‘lgan o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi asriy qardoshlik rishtalarining yana mustahkamlanayotgani har ikki tomon uchun ham manfaatli, ham quvonarlidir, – dedi Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov. – Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2020 yilda viloyatimizning Qirg‘iziston Respublikasi bilan o‘zaro tovar aylanmasi 102 million 600 ming dollarni tashkil qildi. Bunda Namangan eksportida Qirg‘izistonning ulushi 25 foizni tashkil etdi. Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining yurtimizga davlat tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan muzokaralarda Namangan va Jalolobod viloyatlari o‘rtasida 2021 yilga mo‘ljallangan o‘zaro savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda aloqalarni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» imzolandi.

[gallery-1831]

Mazkur kelishuv doirasida shu yil 18 mart kuni mahalliy hokimliklar mas’ullari, tadbirkorlik sub’ektlari vakillaridan iborat Namangan viloyati delegatsiyasi Jalolobod viloyatiga amaliy tashrif bilan borgan hamda ikki tomon o‘rtasida bir qator muzokaralar olib borilgan edi. «Yo‘l xaritasi»ga asosan qiymati 22 million dollarlik 6 ta loyihani amalga oshirish va 300 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratish hamda qiymati 132 million 500 ming dollarga teng 35 ta savdo shartnomasi ijrosini ta’minlash belgilangan. Qolaversa, ikki hudud o‘rtasidagi mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida, «Uchqo‘rg‘on –Kensay», «Nanay – Kerben» chegara-bojxona posti faoliyatini qayta tiklash va «Kosonsoy    – Baymak» chegara-bojxona o‘tish punkti orqali transportlar harakatini yo‘lga qo‘yish uchun tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ibragim Junusovning O‘zA muxbiriga ma’lum qilishicha, u yurtimizdagi diplomatik missiyasini boshlagan vaqtda to‘rtta nazorat-o‘tkazuv punkti ishlagan. Hozirga kelib ularning soni sakkiztaga yetgan. Ikki mamlakat Prezidentlari uchrashuvi davomida barcha 15 ta nazorat-o‘tkazuv punktlarini ochish bo‘yicha topshiriq yuklatilgan. Nazorat-o‘tkazuv punktlarini ochish birinchi bo‘lib Farg‘ona viloyatining Rishton tumani hududidan boshlash ko‘zda tutilmoqda. Davlat rahbarlari tomonidan o‘tkazuv punktlaridan o‘tayotgan fuqaro pasport tekshiruvi uchun bir yarim daqiqadan ortiq vaqti ketmasligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Ikki taraflama o‘tkazish punkti bo‘yicha me’yoriy talablar hal etilganidan keyin Jalolobod va Namangan o‘rtasida avtomobillar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur chegara postlarini qayta tiklanishi nafaqat xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik yaqin qo‘shnichilik va qarindoshlik aloqalarini mustahkamlash, balki chegaroldi hududlarda o‘zaro savdoni kengaytirish, logistika markazlari tashkil etish, turizmni rivojlantirish imkonini beradi. Asosiysi shundaki, 500 kilometrga yaqin aylanma yo‘l masofasini qisqartirish va Xitoyga transport-logistik xarajatlarni kamaytirishga katta imkon beradi. Bu o‘z navbatida mahsulotlar tannarxini kamayishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Tomonlar iqtisodiy munosabatlardan tashqari, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik, talabalar almashinuvi sohalarida yaqindan ishlashga tayyorligini bildirdi. Rasmiy uchrashuvdan so‘ng «Uch favvora» xiyobonida Namangan va Jalolobod viloyatlari «Birodar hududlar» deya e’lon qilinganiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi. Unda ikki viloyatlar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari va viloyat Qirg‘iz milliy madaniy markazi faollari ishtirok etdi. Xiyobon hududiga Namangan va Jalolobod viloyatlari o‘rtasidagi tarixiy kunni o‘zida aks ettiruvchi monument o‘rnatildi.

Jalolobod viloyatining administratsiyasi va huquq-tartibot idoralari mas’ul xodimlari, sanoat korxonalari rahbarlari, ishbilarmonlar doiralari vakillari, jurnalistlardan iborat delegatsiya a’zolari tashrifning ilk kunida Namangan viloyatining diqqatga sazovor joylari hamda yirik ishlab chiqarish majmualariga bordi. Mehmonlar Davlatobod tumanidagi «O‘n Bir Ahmad» ziyoratgohi, «Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani» axborot-kutubxonasi, «Dashtbog‘», «Orzu» va «Yuksalish» kichik sanoat zonalaridagi "Dreamliner textile“, ”Ideal Orzu tekstil“, ”Art soft holding“, ”Zamin kiyim sanoat“, ”Fabrika nashe" MCHJ kabi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.

Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod viloyati delegatsiyasining Namanganga tashrifi davom etmoqda.

Oqilxon Dadaboyev,  Hotam Mamadaliyev (surat),  O‘zA