So‘nggi yillarda mamlakatimiz hamda Belarus Respublikasi o‘rtasida barcha sohalarda bo‘lgani kabi sog‘liqni saqlash tizimida ham izchil hamkorlik aloqalari o‘rnatilmoqda.
Yaqinda Minsk shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston – Belarus tibbiyot forumi buning yorqin amaliy isboti bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning o‘zaro uchrashuvlarida erishilgan hamkorlik bitimlari doirasida mazkur nufuzli anjumanda ikki mamlakat sog‘liqni saqlash vazirliklari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va ularning hududiy filiallari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, viloyat, tuman va shahar sog‘liqni saqlash muassasalari o‘rtasida turli yo‘nalishlarda hamkorlik qilish to‘g‘risida ko‘plab memorandum va kelishuvlar imzolandi.


Yurtimiz tibbiyoti vakillari Belarusda iliq kutib olindi. Ular sakkizta seksiyaga bo‘lingan holda Minsk, Gomel, Vitebsk, Grodno, Brest singari o‘nga yaqin shaharlardagi tibbiyot markazlari, klinikalar hamda tibbiyot institutlarida o‘rganishlar olib bordi. Mazkur jarayonda davolashning ilg‘or usullariga bag‘ishlangan “Mahorat darslari” ham o‘tildi.
Xorijiy davlatdagi tibbiyot kunlarida Namangan viloyatidan ham bir guruh vakillar, jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan Kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Solijon Mo‘minov ham ishtirok etdi.
– Tashrif jarayonida Belarus Respublikasi Kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘ldik. Ushbu markazning salohiyati MDHda juda yuqori, – deydi oliy toifali kardiolog shifokor Solijon Mo‘minov. – Markaz dunyodagi eng rivojlangan 20 ta kardiologiyaga ixtisoslashtirilgan markazdan biri hisoblanib, shu kungacha 500 dan ortiq yurak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Boshqacha aytganda, bu markazda har yili yuqori darajadagi 50 tagacha yurak transplantatsiyasi amaliyoti bajariladi. Qolaversa, markazda kam invaziv yo‘l bilan ko‘plab yurak sohasidagi murakkab jarrohlik amaliyotlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, forum doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan Kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali hamda Belarus Respublikasi Kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tibbiyot kunlari davomidagi yirik anjumanda jahonning eng tajribali kardiolog olimlarining ma’ruzalari tinglandi. Xususan, Belarus Kardiologiya tibbiyot markazi direktorining o‘rinbosari, mamlakatda birinchi marta yurak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini joriy etgan olim Yuriy Ostrovskiy, mohir kardiojarrohlar Sergey Spiridonov va Aleksandr Jigalkovich, RCHA bo‘yicha yetuk mutaxassis Dmitriy Goncharik, yurak yetishmovchiligi bo‘yicha olim Yelena Kurlyanskaya, rentgenendovaskulyar jarroh Valeriy Stelmashoklarning ma’ruzalari ishtirokchilar uchun qimmatli ma’lumotlarni taqdim etgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir.

O‘zbekistonlik shifokorlar Belarusdagi Kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining barcha bo‘limlari, xususan, kardioxirurgiya, reanimatsiya va zamonaviy laboratoriya bo‘limlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Umuman olganda, O‘zbekiston – Belarus tibbiyot forumida Minsk shahridagi bir qator poliklinikalar, tibbiyot markazlari va tibbiyot institutlari bilan kelishuvlarga erishildi. Bu o‘z navbatida, mamlakatimizda kardiologiya sohasining yanada rivojlanishi uchun xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri