Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan va Avstriya hamkorligi mustahkamlanadi
17:59 / 2026-03-10

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil sentabr oyida Namanganga tashrifi chog‘ida viloyatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash maqsadida keyingi o‘quv yilidan Avstriyaning Krems universiteti bilan Namangan davlat universitetida qo‘shma fakultet tashkil qilish vazifasi topshirilgan edi.

19 mingga yaqin talaba 70dan ziyod mutaxassislik bo‘yicha tahsil olayotgan Namangan davlat universitetida ayni vaqtda Yevropa va Osiyo mamlakatlaridagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda 10 ta qo‘shma ta’lim dasturi ish olib bormoqda.

Endilikda esa, Avstriya poytaxti Vena shahrida joylashgan Krems amaliy fanlar universiteti bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. 1994-yilda tashkil topgan ushbu nufuzli oliy o‘quv yurtida hozir 3 ming 100 nafar talabaga 560 nafar professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda.

Dunyo bo‘ylab 200dan ortiq hamkorlariga ega bo‘lgan Krems universitetiga Yevropa va xalqaro sifat nazorat agentliklari tomonidan “ISO” sertifikatlari berilgan. Ozarbayjon, Xitoy, Misr, Saudiya Arabistoni va mamlakatimizdan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. Krems amaliy fanlar universiteti kuzatuv kengashi raisi Xayns Boyer boshchiligidagi delegatsiyaning Namanganga tashrifi ayni shu hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qildi.  

Mehmonlarning Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov hamda universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev bilan olib borgan muzokaralarida turizm, tadbirkorlik va talabalar tayyorlashda o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Yevropaliklar Namanganda oliy ta’limga qaratilayotgan e’tiborni yuqori baholab, turizm, tibbiyot sohalariga xalqaro standartlar bo‘yicha malakali kadrlar yetkazib berishda hamkorlik yuzasidan taklif-mulohazalarini bildirdi.  

– Namanganga ilk tashrifimiz katta taassurot qoldirdi. Gullar diyorida turizm, mehmonxona xo‘jaligi va ta’limni birlashtirgan katta loyihani rejalashtirganmiz, – deydi delegatsiya rahbari Xayns Boyer. – Bu dual ta’limga asoslanadi va ishonchim komilki, hamkorligimiz kelajakda Namangan-Yevropa aloqalarida ko‘prik bo‘ladi.  

Delegatsiya a’zolari Namangan davlat universitetining xalqaro hamkorlik sohasidagi tashabbuslari, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va keng imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirildi. Ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida turizm yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturi hamda kelgusida qo‘shma fakultetni ochish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida, O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi aloqalarning mustahkamlanishi ikki mamlakat yoshlarini global turizmning yangi bosqichlariga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Shuningdek, o‘qituvchilar almashinuvi, xalqaro grant loyihalarida hamkorlikda ishtirok etish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirish kabi yo‘nalishlarda ham fikr almashildi.

Muloqot yakunida tomonlar talabalar almashinuvi, qo‘shma tadqiqot va akademik dasturlarni ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot hamda o‘qituvchi kadrlar almashinuvi, umumiy manfaatga ega bo‘lgan nashrlar va ilmiy materiallar bilan almashish, talabalar va bitiruvchilar uchun amaliyot dasturlarini tashkil etish, media va axborot resurslarini ishlab chiqish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolashdi.

Krems amaliy fanlar universiteti delegatsiyasi tashrif doirasida Chortoq tumanida ham bo‘ldi. “Chortoq” sanatoriysida yaratilgan zamonaviy sharoitlar, sanatoriyning tabiiy shifobaxsh suvi mehmonlarga manzur keldi. Suhbat jarayonida tibbiyot va turizm yo‘nalishlarida hamkorlik qilish muhokama etildi.

Shuningdek, mehmonlar tomonidan nemis tilini puxta bilgan mahalliy yoshlarni Avstriyada o‘qitish, ularni malakali mutaxassis sifatida tayyorlash va keyinchalik ish bilan ta’minlash bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Ikki davlat o‘rtasida ilmiy-ta’lim va tibbiyot turizmi borasida hamkorlikni kengaytirish istagi bildirildi.

Namangan viloyati turizmida tub burilish vazifasini o‘tashi kutilayotgan “Chartak Resort” sanatoriysida dam oluvchilar uchun yaratilgan sharoitlar va servis xizmatlari yevropaliklarning hayratini oshirdi. Har tomonlama qulay iqlim hududida joylashgan ushbu maskanda dam olish va sog‘lomlashtirish xizmatlari xalqaro standartlar asosida tashkil etilgani yuqori baholandi. Mehmonlarga sihatgohning tabiiy shifobaxsh suv manbalari, tibbiy xizmat imkoniyatlari va zamonaviy infratuzilmasi haqida ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlash joizki, Avstriya delegatsiyasining tashrifi ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, Namanganda salomatlik turizmi yo‘nalishida tajriba almashish uchun muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA