Avstriya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasining tijorat bo‘yicha maslahatchisi Rudolf Lukavskiy boshchiligidagi delegatsiya Namangan viloyatiga tashrif buyurdi.
Mehmonlar hamda viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqotda ta’kidlanganidek, keyingi yillarda Namangan va Avstriya o‘rtasida o‘zaro do‘stona munosabatlar rivojlanib, ayniqsa, tibbiyot sohasidagi hamkorlik yuksak samaralar bermoqda.
Qayd etish joizki, delegatsiya tarkibida Avstriyaning yirik ishbilarmon doiralari – qishloq xo‘jaligi klasteri, “AME International GmbH”, “Fundermax GmbH”, “SZ-Kontakt Trans GmbH” kompaniyalari vakillari bor.
[gallery-27393]
Muzokarada qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, transport logistikasi, eksport yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada kuchaytirish, mahalliy ishbilarmonlar bilan aloqalarni mustahkamlash yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.
Tibbiyot sohasidagi hamkorlikni davom ettirish, yurtimizdan Yevropa davlatlariga meva eksportini yo‘lga qo‘yish, Namanganda chorvachilik yo‘nalishida o‘quv markazi tashkil etish, yosh dehqonlarni Avstriyada malakasini oshirish, sanoat, investitsiya masalalarida namanganlik tadbirkorlar bilan hamkorlik o‘rnatish yuzasidan kelishib olindi.
Uchrashuv davomida mehmonlarga Namanganda an’anaviy o‘tkaziladigan xalqaro “Gullar festivali” haqidagi videorolik namoyish etilib, joriy yilda bo‘lajak 65-yubiley tadbirlariga taklif etildi va avstriyalik delegatsiya vakillari ishtirok etish istagini bildirdi.
Tashrif davomida Avstriya delegatsiyasi Namangan viloyatining iqtisodiy, qishloq xo‘jaligi, eksport kabi salohiyatini ko‘rsatuvchi ob’ektlari bilan yaqindan tanishdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.