Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Namangan” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga media-tur o‘tkazildi
20:54 / 2021-04-23

Bojxona sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bojxona postlarida yaratilgan shart-sharoitlar hamda tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirishda tizim xodimlarining mashaqqatli xizmati qay darajada o‘zini oqlamoqda?

Ayni shu savollarga javob izlash maqsadida ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar ishtirokida Namangan viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan media-tur tashkil etildi.

Dastavval, OAV vakillari va ijtimoiy tarmoq faollari viloyat bojxona boshqarmasining “Namangan” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida bo‘lib, uning tarixi, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonini soddalashtirish, bojxona nazoratining shakl va usullarini joriy etish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Ma’lumot o‘rnida, mazkur postda 2020 yil mobaynida 26 ming 333 ta bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilib, 403 milliard so‘mdan ziyod bojxona to‘lovlari davlat byudjetiga o‘tkazilgan. Post orqali tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan 305 million AQSH dollardan ortiq mahsulotlar xorij mamlakatlariga eksport qilingan.

– Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularga bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish yo‘nalishida ham bir qator ishlar bajarildi, – deydi Namangan viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Ravshanbek Asqarov. 

– Xususan, o‘tgan yili import qilingan tovarlarga qonunchilikda belgilangan stavkalar asosida jami 1 trillion 337 milliard 200 million so‘m miqdoridagi to‘lovlar hisoblanib, shundan ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan xomashyo, texnologik asbob uskunalar, maishiy texnika va ularning qismlari singari tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida 933 milliard 600 million so‘miga, boshqacha aytganda 70 foiziga bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar berildi.

bugungi kunda viloyat bojxona boshqarmasi tasarrufida to‘rtta ochiq va uchta yopiq turdagi, jami 7 ta bojxona ombori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 apreldagi “Bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori talablari asosida faoliyat yuritmoqda.

Bojxona omborlarining barchasi videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan, videotasvirlarni onlayn tarzda Davlat bojxona qo‘mitasi hamda hududiy boshqarmasi orqali kuzatish imkoniyati mavjud. Mazkur bojxona posti “Yoqut” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli logistika markazi hududida joylashgan bo‘lib, jurnalistlar 2018 yil dekabr oyidan faoliyat boshlagan mazkur logistika markazini ham ko‘zdan kechirdi. So‘nggi texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan bu post zamonaviy dasturiy ta’minot tomonidan boshqariladigan zamonaviy logistika markazi sifatida tashkil etilmoqda.

“Yoqut” bojxona ombori hududida umumiy hajmi 29542 m³ ga teng 8 ta yopiq bino va 1059,27 m² maydonga ega bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 10 ming tonnagacha bo‘lgan turli tovarlarni joylashtirish mumkin. Mazkur hududda 3 ta temir yo‘l tarmog‘i (vetka) o‘tgan, umumiy uzunligi 600 metrdan iborat. Bir vaqtning o‘zida 8 ta temir yo‘l vagonini joylashtirish yoki 16 ta yuk avtotransportida tovarlarni tushirib-ortish imkoniyati bor.

Media-tur davomida jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan barcha savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob qaytarildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA