Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan taraqqiyotining poydevori
19:03 / 2025-09-07

Har qanday mamlakat iqtisodiyoti taraqqiyotida sanoat va savdo alohida o‘rin tutadi. Xususan, erkin iqtisodiy hamda kichik sanoat zonalari bugungi Yangi O‘zbekiston sharoitida iqtisodiy o‘sishning asosiy tayanch nuqtasiga aylandi.

Prezidentimizning 2018 yil 2 iyuldagi “Namangan viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Namangan shahrining “Orzu” massivida “Orzu” kichik sanoat zonasiga asos solinib, unda tekstil yo‘nalishida bir qator korxonalar o‘z faoliyatini boshlagandi. 

Namangandagi “Ideal texstil orzu” mas’uliyati cheklangan jamiyat viloyatda birinchilardan bo‘lib tashkil etilgan kichik sanoat zonalardan hisoblanadi. Taniqli tadbirkor Baxtiyor Umarov ta’sischiligida Davlatobod tumanidagi “Orzu” kichik sanoat zonasi hududida ochilgan mazkur korxonada hozirgi vaqtda 400dan ziyod ishchilar bandligi ta’minlangan bo‘lib, ayni vaqtda kostyum-shim, sport va qishki kiyimlar ishlab chiqarilmoqda. Tayyor mahsulotlar Rossiya Federatsiyasi, Italiya va Gollandiya davlatlariga eksport qilinmoqda.

Ayni vaqtda Namangan viloyatida “Kosonsoy farm” va “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi hamda 73 ta kichik sanoat zonasida ikki mingga yaqin korxonalar faoliyat yuritmoqda. Namangan – respublikamizning to‘qimachilik sanoat tarmog‘i eng rivojlangan hududi ekanligidan kelib chiqqan holda aytish joiz, biznes sub’ektlarining aksariyati to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Namangan viloyati kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direksiyasi direktori Akmaljon Dadaboyevning ma’lum qilishicha, viloyatda jami 805,8 gektar yer maydonida yetmishdan ortiq kichik sanoat zonalari tashkil etilgan. Mazkur sanoat zonalariga qiymati 8,8 trillion so‘mlik 1 ming 285 ta loyiha joylashtirilgan. Istiqbolli biznes loyihalar to‘la quvvat bilan ishga tushishi hisobiga kelgusida 63 ming 895 ta ish o‘rni yaratiladi. Hozirgi kunga qadar qiymati 6,3 trillion so‘mlik 1086 ta loyiha ishga tushirilib, 56 ming 592 ta yangi ish o‘rni mavjud.

Masalan, Namangan shahridagi “Barkamol avlod” yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasida “Master klas dizayn” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan qiymati 45 milliard so‘mlik charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirilib, 150 ta yangi ish o‘rni, Kosonsoy tumanidagi “Namuna” kichik sanoat zonasida esa “Barkas teks” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan qiymati 280 milliard so‘mga teng bo‘lgan momiq sochiq ishlab chiqarish quvvatlari yo‘lga qo‘yilib, 2 ming 200 ta ish o‘rni yaratildi. E’tiborlisi, mazkur korxonalar tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 2,1 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlar ishlab chiqarilib, 50,1 million dollarlik mahsulotlar xorijiy davlatlarga eksport qilindi. 

Ayni kunlarda 1,5 trillion so‘mni tashkil etuvchi jami 196 ta loyiha amalga oshirilmoqda hamda buning natijasida 8 ming 575 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Shundan, joriy yilning o‘zida 1,1 trillion so‘m qiymatdagi 131 ta loyiha ishga tushiriladi va 5 ming 200 ga yaqin ish o‘rini yaratiladi. Birgina Yangi Namangan tumanidagi “Taraqqiyot” kichik sanoat zonasida 30 ta hamda Kosonsoy tumanida “Namuna” va “Kushon” kichik sanoat zonalarida 22 ta yangi korxona o‘z ishini boshlaydi.

Shu bilan birga viloyatda ixtisoslashuv asosida mahallalarda meva-sabzavotlarni qayta ishlash, temirchilik, mebelchilik, asalarichilik kabi yo‘nalishlar tashkil etilmoqda. Masalan, Uychi tumanidagi Qumtepa mahallasi hududidagi tashlandiq 3,1 gektar maydonda 2021 yilda tashkil etilgan temirchilikka ixtisoslashgan yoshlar kichik sanoat zonasida ilk bosqichda jami 27 milliard so‘mlik 52 ta istiqbolli loyiha amalga oshirilib, 1 ming 550 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 

Qumtepa, Dehqon, Balandariq va Jiydakapa mahallalaridagi xonadonlarda usta-hunarmandlarga barcha zarur shart-sharoit va imkoniyatlar hozirlandi. Mazkur sanoat majmuasi yo‘l, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va oqova suv bilan ta’minlangan. Qolaversa, energiya tejamkor usullar joriy etilib, quyosh panellaridan samarali foydalanilmoqda. Sanoat zonasida ustalar tomonidan temirdan darvoza, eshik, so‘ri, panjara va boshqa metall buyumlar ishlab chiqarilmoqda.

Hozir temirchilik mahsulotlari, ayniqsa, temir darvozalarga talab har qachongidan yuqori. Shu boisdan ham tadbirkorlar barcha viloyatlarda o‘z savdo uylari va ishlab chiqarish filiallarini ochgan. Bundan tashqari, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Tojikiston davlatlariga 1 million 200 ming dollar miqdoridagi mahsulotni eksport qilishga erishildi. Bugun kichik sanoat zonasida samarali faoliyat yuritayotgan “Sanlitun” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Muhammadali Husanov yosh tadbirkorlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan behad minnatdor.

– Mahsulotlarimizga qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlaridan ham katta qiziqish bildirilmoqda. Ishimizda sifat ustuvor ahamiyat kasb etadi, ayni shuning uchun ham mahsulotlarimizning sifatli bo‘lishiga ahamiyat qaratganmiz, – deydi tadbirkor Muhammadali Husanov. – O‘tgan yilning o‘zida 2,5 milliard so‘mga yaqin tovar aylanmasiga ega bo‘lib, 500 million so‘m sof daromad oldik. Ishchilarimizning daromadi ham shunga yarasha. 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston yoshlari forumida erkin iqtisodiy zonalar bo‘yicha to‘plangan tajriba asosida hududlarda yoshlar kichik sanoat zonalarini tashkil etish, unda yoshlarning biznes loyihalarini joylashtirish zarurligini ta’kidlagan edi.

Prezidentimizning 2021 yilda 21 apreldagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 127 gektar yer maydonida 18 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi barpo etildi.

Xususan, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Bunyodkor mahallasi hududida 10 gektardan iborat yer maydonida tashkil etilgan yoshlar kichik sanoat zonasi 30 ta lotga ajratilib, unda 20 nafar yigit-qiz umumiy qiymati 450 milliard so‘mdan ziyod biznes loyihalari bilan ishtirok etmoqda. Buning natijasida “Yoshlar daftari”ga kirgan yigit-qizlar uchun 3 ming 334 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ushbu kichik sanoat zonada mevani qayta ishlash, quritish, tomat pastasini ishlab chiqarish kabi bir qator faoliyat yo‘lga qo‘yildi.

40 sotix  maydonda o‘z faoliyatini  boshlagan “Rivoj Agro Lyuks” mas’uliyati cheklangan jamiyatni qurish va ishga tushirish uchun 3 milliard so‘m sarflandi. 20 kishi mehnat qilayotgan korxonada hozirda tomat pastasi ishlab chiqarilib, Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston davlatlariga eksportga yo‘naltirilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, viloyatdagi sanoat zonalarida amalga oshirilayotgan biznes loyihalar ishlab chiqarish qamrovini yanada kengaytirib, iste’molchilarni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, eksport salohiyatini yuksaltirish, yangi ish o‘rinlari orqali aholi farovonligini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.