Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
NAMANGAN TAJRIBASI: mahalla raislari mahalliy Kengashlarda tasdiqlanadi
14:00 / 2020-08-13

Namanganda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining qoʻshma sessiyasi boʻlib oʻtdi.


Namanganda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining qoʻshma sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Videoselektor tarzida oʻtkan sessiya kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi M.Appakov axborotida tizimda mahalla va oilalardagi muhitga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillarga barham berish borasidagi ishlar talab darajasida emasligiga eʼtibor qaratildi.

Bugungi kunda viloyatda 24 ming 300 dan ziyod kambagʻal oila, 57 mingdan koʻproq ishsiz qayd etilgan. Joriy yilning birinchi yarmida 775 mahalladan 210 tasida jinoyat sodir etilgan boʻlsa, 135 tasida jinoyatchilik koʻpaygan. Tashvishlanarlisi, yoshlar va xotin-qizlar jinoyatchiligi, qotillik, oʻz joniga qasd qilish kabi ogʻir jinoyatlar sodir etish holatlari ortib boryapti. Mahalla raislarining aksariyati keksalardan iboratligi va oliy maʼlumotga ega emasligi (64 foiz rais 50 va undan yuqori yoshda, 55 foizi oliy maʼlumotga ega emas) salbiy holatlar boʻyicha tezkor va sifatli chora-tadbirlar koʻrishda xalaqit bermoqda.

Shu kabi holatlardan kelib chiqib viloyat hokimi “Namangan tajribasi” tariqasida bir yil muddatga faoliyati talabga javob bermayotgan mahalla raislari oʻrniga yosh, faol, tashabbuskor fuqarolarni jalb etgan holda mahalla fuqarolar yigʻinlari faoliyatiga zamonaviy mexanizmlar joriy etish toʻgʻrisida taklif kiritdi va bu davlatimiz rahbari tomonidan maʼqullandi.

Taʼkidlash kerakki, bir yil mobaynida sinov-tajriba sifatida joriy qilinadigan mazkur amaliyotda viloyat, shahar va tumanlarda mahalla fuqarolar yigʻini raisligiga malakali nomzod kadrlarni saralab olish hamda ularning ishini tizimli tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi guruhlari tuziladi. Mazkur guruh tomonidan faoliyati qoniqarsiz, deb topilgan amaldagi mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari oʻrniga bugungi kunda jamiyatning muayyan sohasida ibrat koʻrsatib ishlayotgan faol fuqarolar orasidan nomzod tanlab olinadi va tasdiqlash uchun mahalliy Kengashlar sessiyalariga kiritiladi.

Sessiya kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan Jinoyat ishlari boʻyicha viloyat sudi raisi D.Komilov, viloyat iqtisodiy sudi raisi M.Astanov, viloyat Maʼmuriy sudi raisi S.Tursunov, Fuqarolik ishlari boʻyicha viloyat sudi raisi A.Safoyevning hisobotlari tinglandi.

2020-yilning birinchi yarmida Jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda 1182 shaxsga nisbatan 992 jinoyat ishi koʻrilib, 927 shaxsga 749 hukm chiqarish, 252 shaxsga 240 harakatdan tugatish amaliyoti qoʻllanilgan.

Fuqarolik ishlari boʻyicha viloyat sudi tizimida esa 4626 ish koʻrib chiqilgan, tamomlangan ishlarning 3598 tasi boʻyicha hal qiluv qarori, 2505 ariza boʻyicha sud buyruqlari chiqarilgan. Fuqarolik ishlari soni 2019-yilning shu davriga nisbatan 734 taga, ayniqsa, oilaviy nizolar soni 790 taga kamaygani eʼtiborga molik.

Iqtisodiy sudlar tomonidan ham yilning oʻtgan davrida fuqarolik huquqiy, maʼmuriy huquqiy munosabatlar, tashkilot va fuqarolarning bankrotligi, korporativ munosabatlarga oid 3384 ish koʻrilgan.

Maʼmuriy sudlar tomonidan 13 ming 545 shaxsga nisbatan 10 ming 645 ish koʻrilib, shundan 6085 tasi boʻyicha 8313 shaxsga nisbatan maʼmuriy jazo qoʻllangan.

Sessiyada kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi, bir qator qaror loyihalari tasdiqlandi.

032A4112.JPG

032A4140.JPG

032A4155.JPG

032A4483.JPG