Qahraton qishning izg‘irin sovug‘i hududlardagi aholi ehtiyojlariga zarur bo‘lgan kommunikatsiya tarmoqlariga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmasdan qolmayapti. Bugun erta tongda Namangan shahrida toza ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq favqulodda holat bois viloyat markazi aholisining ayrim qismi “obi-hayot”siz qoldi.
11 yanvar kuni “Paxtaliko‘l” suv uzatish inshootida D-1000 millimetrli yuqori bosimli magistral tarmoqlarida suv quvurining yorilishi yuz bergani sababli “Paxtaliko‘l” suv uzatish inshooti vaqtinchalik tӯxtatildi.

Buning oqibatida “Oromgoh” dahasi, “1-Axsikent”, “2-Axsikent”, “Go‘zal”, “Chamanzor”, “Minchinor”, “Mustaqillik”, “Pahlavon”, “Nurobod”, “Sihatgoh”, “Mehnatobod”, “Ishonch”, “Istiqbol” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarida va Davlatobod tumanidagi 1-kichik nohiyaning ayrim joylarida ichimlik suvi ta’minotida vaqtinchalik uzilishlar bo‘lmoqda.
Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov yuqori bosimli magistral tarmog‘ida nosozlik kuzatilgan “Paxtaliko‘l” suv uzatish inshootiga borib, mutasaddilar ishtirokida holatni joyida ko‘zdan kechirdi.
Ayni daqiqalarda “Namangan suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatining mutaxassislari tomonidan nosozlikni tezkorlik bilan bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Hozirda “Namangan suv ta’minoti” MCHJ mutaxassislari tomonidan tezkorlik bilan nosozlikni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. “Oromgoh” suv inshooti orqali ta’minot to‘xtatilgan hududlarga ichimlik suvi yetkazib berish chorasi ko‘rilmoqda.

“Namangan suv ta’minoti” MCHJ bosh muhandisi Borullo Azimovning aytishicha, “Paxtaliko‘l” suv uzatish inshootida favqulodda holat tufayli yuzaga kelgan nosozlik bugunni o‘zida bartaraf etiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA