English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan shahar oqova suv tozalash inshootini “METITO UTILITIES LIMITED” kompaniyasi barpo etadi
15:32 / 2021-12-24

Moliya vazirligida “Namangan shahar oqova suv tozalash inshootini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish” loyihasi yuzasidan o‘tkazilgan tender g‘olibini aniqlash bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tdi.

Mahalliy va xorijlik mas’ullar, soha vakillari ishtirok etgan marosimda Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi  – Tender komissiyasi raisi o‘rinbosari  Sohib Saifnazarov, Osiyo taraqqiyot bankining davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha mutaxassisi, loyiha menejeri Mukta Malxotra, Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori vazifasini bajaruvchi Xiroki Takayama va boshqalar  mazkur tenderning o‘tkazilishi  va loyihaning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.

 Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Osiyo taraqqiyoti   banki ko‘magida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zsuvta’minot” AJ hamda Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshirilmoqda.

– Ilk loyihaga tender  e’lon qilish ikki yil oldin boshlangan edi. Pandemiyaga qaramasdan, bu borada ishlar bir kun ham to‘xtatilgani yo‘q. Osiyo taraqqiyoti banki ishtirokida va ularning mutaxassislari bilan birgalikda  2 bosqichli ochiq va shaffof tender jarayonlari o‘tkazildi. 1-bosqichda loyihaga qiziqish bildirgan 23 ta xorij kompaniyasiga dastlabki malakani baholash (RFQ) shartlari yuborildi. Tender jarayonining 2-bosqichida Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya birlashgan qirolligining “Metito Utilities Limited” kompaniyasi hamda Niderlandiyaning “Almar Water Solutions BV” konsorsium kompaniyasi ishtirok etdi. Bu mamlakatimizda mazkur yo‘nalish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik asosidagi birinchi loyiha hisoblanadi. Keyingi loyihamiz esa Toshkent shahrida oqova suv inshootini qurish bilan bog‘liqdir, – dedi S.Saifnazarov

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, moliyaviy takliflar bo‘yicha yillik erkin foydalanganlik uchun to‘lov borasida Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya birlashgan qirolligi Gernsi orolining “Metito Utilities Limited” kompaniyasi tomonidan 97,5 milliard so‘m va Niderlandiya davlatining “Almar Water Solutions BV” konsorsium kompaniyasi tomonidan 103,1 milliard so‘m taklifi bildirdi.

Tadbirda "Namangan shahar oqova suv tozalash inshootini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish" loyihasi bo‘yicha tender komissiyasi a’zolarining fikri eshitildi. Mazkur loyiha borasida idoralararo tender komissiyasi tomonidan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya birlashgan qirolligining “Metito Utilities Limited” kompaniyasi moliyaviy takliflar bo‘yicha yillik erkin foydalanganlik uchun to‘lovning  eng past narxini, ya’ni yillik to‘lov 9 million dollar taklif etdi va xalqaro tender g‘olibi, deb topildi.

– Loyiha bo‘yicha tender juda shaffof o‘tkazilgani uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorligimizni bildiramiz, – dedi “Metito Utilities Limited” kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha menejeri Yasuxiro Takunaga.  – Shu bilan birga, biz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar olib borgan va  tenderni tashkil etgan tashkilotlarga tashakkur aytamiz. Tenderda kompaniyamiz g‘olib bo‘ldi. Bu bizga sharaf va katta mas’uliyatdir. O‘ylaymanki, mazkur loyiha tatbiq etilgach, Namangan shahri aholisiga katta qulayliklar yaratiladi.


– bugungi kunda Namangan shahri tarkibida ikkita – Yangi Namangan tumani va Davlatobod tumani tashkil etildi. Namangan aholisi bir millionga yaqinlashayotgan shaharga aylanmoqda. Bunda aholining o‘sishi bilan bir qatorda shahrimizning o‘ziga xos infratuzilmasi ham rivojlanmoqda. Moliya vazirligi, Osiyo taraqqiyot banki, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda bu loyiha bo‘yicha o‘rganishlar olib borildi. Tenderda Metito Utilities Limited” kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. “Namangan shahar oqova suv tozalash inshootini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish” loyihasining  qiymati 90 million dollarni tashkil etadi. Muddati esa 25 yil, shundan dastlabki 2 yili qurilish davri etib belgilangan. Loyiha doirasida quvvati sutkasiga 100 ming m3 oqova suvlarini tozalashga mo‘ljallangan inshootni va 7,5 km. uzunlikdagi oqova suv tarmoqlarini qurish nazarda tutilgan. Ushbu loyiha suv borasidagi muammolar yechimi bo‘ladi, – dedi Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Tolibjon Yusupov.

 

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA