Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Namangan – Panjob” biznes forumida muhim kelishuvlarga erishildi
11:04 / 2021-02-09

Avval xabar berganimizdek, Panjob provinsiyasi gubernatori Muhammad Sarvar boshchiligidagi Pokiston Islom Respublikasi delegatsiyasi 5-8 fevral kunlari amaliy tashrif bilan Namangan viloyatida bo‘ldi.

Panjobdagi hukumat a’zolari, yirik kompaniyalar rahbarlari va tadbirkorlar viloyat markazidagi “Shodiyona” tantanalar majmuasida tashkillangan “Made in Namangan” ko‘rgazmasi va “Namangan-Panjob” biznes-forumida ishtirok etdi.

Ko‘rgazmada sanoat, farmatsevtika, oziq-ovqat, tekstil kabi turli yo‘nalishlarda ishlab chiqarilgan mahalliy mahsulotlar, hunarmandlarning qo‘l mehnati bilan tayyorlangan buyumlar namoyish etildi.

Biznes forum avvalida Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov so‘zga chiqib, o‘tgan 2020 yil davomida Pokiston bilan Namangan viloyati o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayriboshlash hajmi 3 million 400 ming AQSH dollarini tashkil etgani, ammo bu raqamlar ikki tomonning imkoniyati va salohiyatiga mos emasligi, mazkur tashrif bu boradagi ko‘rsatkichlarni oshirishga xizmat qilajagini ta’kidladi.

Panjob gubernatori Muhammad Sarvar Namanganga tashrifi davomida yaratilgan do‘stona muhit uchun minnatdorlik bildirib, ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar bilan bir qatorda, ta’lim va tibbiyot sohalarida ham hamkorlik o‘rnatilishiga ishonchi komil ekanini qayd etdi. Zero, bugungi kunda 110 million kishi istiqomat qiladigan, Pokiston aholisining deyali yarmini tashkil qiladigan Panjobda 70dan ziyod oliy ta’lim muassasasi, yetakchi tibbiyot va farmatsevtika kompaniyalari faoliyat yuritmoqda.

Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Said Ali G‘uloniy, Pokiston tekstil fabrikalari assotsiatsiyasi raisi Gohar Ijaz forumda o‘zaro manfaatli rishtalarni mustahkamlash va uni yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan o‘z taklif-tashabbuslarini ilgari surdi.

Shuningdek, pokistonliklarga Namangan viloyatining investitsiyaviy jozibadorligi va turizm salohiyati haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Mehmonlar ko‘rgazma, forum va o‘zaro muzokaralarda viloyatning tekstil, ishlab chiqarish, hunarmandchilik, turizm singari yuqori samarador yo‘nalishlardagi salohiyatiga katta qiziqish bildirdi.

Forum yakunida ishbilarmon doira vakillari va yetakchi kompaniyalar, boshqarmalar o‘rtasida “B2B” va “B2G” formatdagi muzokaralar o‘tkazildi. Buning natijsida ikki tomonlama o‘zaro hamkorlik bo‘yicha bir qator manfaatli kelishuvlar imzolandi.

Xususan, “Namangan To’qimachi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan “Ejaz group of Companies” kompaniyasi o‘rtasida tekstil sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, “Mexmash” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan “AKD Group Holdings (Pvt.) Ltd” kompaniyasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish belgilandi. Shuningdek, “Namangan To’qimachi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan “AKD Group Holdings (Pvt.) Ltd” kompaniyasi o‘rtasida tekstil sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ham hamkorlik qilinadigan bo‘ldi.

Namangan viloyati urug‘chilik boshqarmasi bilan “Fatima Group Corporation” kompaniyasi o‘rtasida urug‘chilik mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha o‘zaro savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishilgan bo‘lsa, “Ifoda agrokimyohimoya” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan “Fatima Group Corporation” kompaniyasi o‘rtasida mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha investitsion loyiha tasdiqlandi.

Namangan viloyati turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi bilan Pokiston Islom Respublikasining “O‘zbekiston –Pokiston savdo uyi” hamda “Holidays in Central Asia” turistik kompaniyasi o‘rtasida turizm sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi.

– Pokistonlik yirik kompaniyalardan biri bilan imzolangan e’tiborga molik bitim zavodimizda ishlab chiqarilgan qurilishda ishlatiladigan o‘rama mix (shurp) mahsulotlarni Pokistonga va shu davlat orqali Yevropa mamlakatlari bozoriga olib kirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Namangan shahridagi “Mexmash” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Zokirjon Xodjayev. – Qolaversa, bu kelishuv korxonamiz ulushini jahonga mashhur birjalar savdosiga chiqarish uchun tayyorlash vazifasini ham o‘taydi.

Panjob gubernatori boshchiligidagi delegatsiyaning yurtimizga ilk tashrifi O‘zbekistonning asosiy xorijiy sheriklaridan hisoblangan Pokiston bilan ko‘p qirrali, o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Namangan viloyati bilan Panjob provinsiyasi o‘rtasida “Birodarlashgan hududlar” sifatida imzolangan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy, turizm sohalaridagi o‘zaro hamkorlik memorandumi kelgusida samarali natijalarga eltishi shubhasiz.  

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA