Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan muhandislik-texnologiya institutida ijodiy imtihonlar boshlandi
10:39 / 2022-08-04

Mamlakatimizdagi 46 ta oliy ta’lim muassasasida ayni kunlarda alohida qobiliyat talab etadigan ta’lim yo‘nalishlari uchun o‘tkazilayotgan kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlari ayni qizg‘in pallaga kirdi.

Shu jumladan, Namangan muhandislik-texnologiya institutining dizayn ta’lim yo‘nalishida o‘qish istagini bildirgan 143 nafar abituriyent soha bo‘yicha ijodiy imtihonlarni topshirishni boshladi.

Imtihon o‘tkaziladigan manzilga zamonaviy kuzatuv kameralari o‘rnatilib, institutning maxsus elektron platformasi hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatib borish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu esa ota-onalar va keng jamoatchilik vakillariga istagan joydan turib ijodiy imtihonlarni kuzatib borish imkonini beradi.

Ijodiy imtihonning ilk kunida 63 nafar yigit-qiz o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi.

– Bolaligimdan dizayner bo‘lishni orzu qilganman, shunga erishish uchun Namangan muhandislik-texnologiya institutini tanladim va ijodiy sinovlarni topshirdim, – deydi Sirdaryo viloyatining Guliston shahridan kelgan talabgor Shahzoda Abdullajonova. – O‘z yaratgan asarimdan mamnunman. Imtihonlarimiz ochiq va shaffof o‘tkazilmoqda. Jarayonlarni ota-onam uyimizdan turib kuzatib borishyapti.

Ijodiy imtihonlarni o‘tkazishga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyrug‘i bilan Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomchilik va dizayn institutining yetakchi professor-o‘qituvchilari bosh-qosh bo‘ldi. Shuningdek, jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputatlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasining mutaxassislari ham jarayonlarni kuzatib bordi.

Namangan muhandislik-texnologiya institutining dizayn ta’lim yo‘nalishi uchun 50 ta kvota ajratilgan bo‘lib, shundan 10 tasi davlat granti va 40 tasi to‘lov shartnoma shaklidagi kvota hisoblanadi. Ijodiy imtihon natijalari har kunlik grafik bo‘yicha shu kunning o‘zida e’lon qilib borilishi rejalashtirilgan.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA