Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev yaqinda Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan videoselektorda bugungi kundagi eng dolzarb bo‘lgan bandlik masalasi xususida to‘xtalib, bu borada xorijdan qaytgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash yuzasidan topshiriqlar bergan edi.
Mazkur vazifadan kelib chiqqan holda, Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi faoli Ahmadjon A’loxo‘jayev Namangan metallurgiya zavodida ishlab chiqarish jarayoni hamda ishchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Chust tumanidagi “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan mazkur zavodda xitoylik tadbirkorlar bilan hamkorlikda uch bosqichdan iborat istiqbolli loyiha amalga oshirilmoqda hamda uning yakunida 1 ming 200 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanadi.
Hozirgi kunda zavodda 300 kishi mehnat qilmoqda. Deputat zavodda ishchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, turar-joy, oshxona va sport ob’ektlaridagi qulayliklarga baho berdi. Mazkur zavodda ishlar soatbay tashkil etilgan bo‘lib, ishchilar yotoqxona va oziq-ovqat bilan bepul ta’minlanadi. Ish haqi o‘rtacha 2,5-4,5 million so‘mni tashkil etadi.
Deputat ishsiz fuqarolarga zavodda ishlash bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borishini qayd etdi. O‘z navbatida, viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi tomonidan hududiy kasbga o‘rgatish markazlarida ishsiz fuqarolarni maqsadli kasbga tayyorlash va ularni mazkur zavodda kafolatli ishga joylashtirish rejalari ma’lum qilindi.
E’tiborli jihati, xorijiy davlatlardan migrantlikdan qaytgan fuqarolar ham mazkur zavodda ish faoliyatini olib bormoqda. Ular mavsumiy emas, balki doimiy ishga joylangani e’tirofga molik.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA